Vazirlar Mahkamasi 2019 yil 12 iyuldagi «O‘quvchilarni psixologik-pedagogik qo‘llab-quvvatlash ishlarini yanada takomillashtirish to‘g‘risida"gi qarorni qabul qildi. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida (keyingi o‘rinlarda ta’lim muassasalari deb ataladi) psixologik xizmat tashkil etiladi.

Quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilandi:

ta’lim muassasalarida psixologik xizmat faoliyatini samarali va sifatli tashkil etish, shu jumladan, ish faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash orqali o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish ishlari samaradorligini oshirish;

o‘quvchilarning qobiliyati, layoqati, qiziqishlari hamda kasb-hunarga moyilliklari asosida to‘g‘ri kasb-hunar tanlashlariga ko‘maklashish;

turli yosh davrlarida o‘quvchilarning shaxsiy, aqliy va ijtimoiy rivojlanishini psixologik jihatdan kuzatib borish, ta’lim-tarbiyadagi psixologik nuqsonlarni aniqlash, ularning aqliy taraqqiyotida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday salbiy og‘ishlarning oldini olish;

o‘quvchilar ta’lim muassasasining ijtimoiy muhitiga moslasha olmasligi holatlarini korreksiyalash, ularni ijtimoiy reabilitatsiya qilish bo‘yicha tadbirlarni tashkil etish va amalga oshirish;

pedagogik jamoalarda sog‘lom psixologik muhitni yaratish va qo‘llab-quvvatlash, jamoa a’zolarining hissiy-emotsional holatlari, shaxslararo munosabatlar va ziddiyatli xatti-harakatlarni korreksiyalash, ularning psixologik madaniyatini yuksaltirish;

iste’dodli va iqtidorli o‘quvchilarni aniqlash, ularning individual-psixologik, fiziologik xususiyatlari va qiziqishlarini o‘rganish, qobiliyatlarini namoyon etishlari va rivojlantirishlari uchun shart-sharoitlar yaratish;

axborot-psixologik xurujlarning xavfi, Internet jahon axborot tarmog‘ining salbiy ta’siri, yoshlar tarbiyasiga xavf solayotgan «ommaviy madaniyat"ning kirib kelishi holatlarining oldini olishga qaratilgan tadbirlarni o‘tkazish;

pedagog xodimlar, o‘quvchilar hamda ota-onalarning psixologik-pedagogik bilimlarini oshirishga ko‘maklashish, pedagog xodimlar, ota-onalar va jamoat tashkilotlarining samarali hamkorligini ta’minlash.

Qaror bilan davlat ta’lim muassasalarida psixologik xizmat faoliyatini tashkil etish jihatlari belgilandi va uning kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi tasdiqlandi.

Psixologik xizmatlarning asosiy yo‘nalishlari:

psixologik ma’rifat va tashviqot;

psixologik-pedagogik tashxis;

psixologik profilaktika;

psixologik korreksiya;

psixologik maslahat;

kasb-hunarga yo‘naltirish.

Ta’lim muassasasida psixologik xizmat muassasa rahbarining buyrug‘iga muvofiq o‘quvchilar sonidan kelib chiqib 1 — 3 ta shtat birligidan iborat tarkibda tashkil etiladi. Psixologlarga qo‘yiladigan malaka talablari tegishli ravishda Xalq ta’limi vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda belgilanadi. Psixologlar malakasini oshirish har 3 yilda kamida 1 marta amalga oshiriladi.

Attestatsiya umumiy o‘rta ta’lim muassasalari psixologlari uchun har 5 yilda, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari (akademik litseylar va kasb-hunar ta’limi muassasalari) psixologlari uchun har 3 yilda 1 marta o‘tkaziladi. Attestatsiya har yili mart-iyun oylarida o‘tkaziladi. Attestatsiya natijalariga ko‘ra psixologlar sertifikat oladi.