Samara viloyatida joylashgan «Koshelevskiy posad» korxonasida ishlaydigan 68 nafar O‘zbekiston fuqarosi «noma’lum moddadan zaharlanish» tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilgan, deya xabar qildi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi ma’lumotiga tayanib.

Korxona rahbariyati bergan ma’lumotga ko‘ra, ularning barchasi qonuniy ravishda ishlaydi va mehnat shartnomasiga ega. Ish beruvchi Bosh konsulxonaga O‘zbekiston fuqarolarini davolash bilan bog‘liq barcha moliyaviy xarajatlar korxona hisobidan qoplanishini ma’lum qildi.

Mazkur korxona va o‘zbekistonliklar davolanayotgan tibbiyot muassasalari rahbariyati bilan aloqa o‘rnatilgan hamda vaziyat nazoratga olingan, deyiladi xabarda.

Rossiyaning Volga bo‘yi federal okrugi (Boshqirdiston Respublikasi, Mariy El Respublikasi, Mordoviya Respublikasi, Nijegorod viloyati, Orenburg viloyati, Penza viloyati, Perm o‘lkasi, Samara viloyati, Saratov viloyati, Tatariston Respublikasi, Udmurtiya Respublikasi, Ulyanov viloyati, Chuvashiya Respublikasi) hududidagi O‘zbekiston fuqarolari zarur vaziyatlarda mamlakatning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon orqali murojaat qilishlari mumkin: +7−967−772−66−00.