«O‘zdavkarantin» inspeksiyasi xodimlari «Phthorimaea operculella» yoki o‘zimizning tilda aytganda kartoshka kuyasiga qarshi kurash ishlarini allaqachon boshlab yuborgan. Bu haqda inspeksiya matbuot xizmati xabar berdi.

Xavotirlar bejiz emas

Havo harorati qanchalik baland bo‘lsa, kuya shunchalik tez rivojlanadi. Aslida, hasharotning bir avlod berish davri o‘rtacha 3−4 haftani o‘z ichiga olishi kerak, ammo harorat 35 darajadan yuqorini ko‘rsatganda zararkunanda 16 kundayoq «oyoqqa turishi» hech gap emas.

Kuya kapalagi kichkina, och kulrang tusda bo‘ladi. Tinch holatda qanotlarini yelkasiga yig‘ib turadi. Oldingi qanotlarining kattaligi 12−15 millimetr atrofida. Kartoshka kushandasi ko‘proq tungi hayot tarzini ma’qul ko‘radi. Shuning uchun tajribasiz fermer yoki bog‘bon ularni bir qarashda payqashi mushkul.

Urg‘ochi kapalak 3 kundan 14 kungacha yashasa-da, o‘ziga yuklatilgan vazifani «qoyillatadi». Ya’ni, ularning har biri jon berishdan avval o‘rta hisobda 50−200 tagacha tuxum qo‘yadi. Ular odatda barglarning ichki qismida, band yaqinida joylashgan bo‘ladi. Tuxumdan juda mayda, ammo ochko‘z kapalak qurti ochib chiqadi va shu zahoti kartoshka bargi hamda tuganaklariga «tahdid» soladi. Bundan tashqari, pomidor, baqlajon va boshqa ituzumgulli o‘simliklar ham zararkunandaning sevimli ozuqalardan hisoblanadi.

Kuya hujumi ko‘proq o‘simlikning tashqi ko‘rinishida namoyon bo‘ladi: zararlangan barglar qurib, qo‘ng‘ir tusga kiradi va yorilib ketadi. Zararkunanda ko‘paygan dalalar go‘yo kuyganga o‘xshaydi. Qurt kirgach, kartoshka bargi yuzasida pushti dog‘ paydo bo‘ladi.

And tog‘laridan — Shovotgacha

Bugungi kunda kartoshka kuyasi dunyoning 70 dan ortiq mamlakatida uchraydi. Kuya Markaziy va Janubiy Amerika mintaqasidan butun dunyoga tarqalgan.

Uni dastlab texaslik entomolog olim Seller 1873 yilda aniqlagan. O‘z vaqtida qarshi kurash choralari ko‘rilmagani uchun Janubiy Afrikada kartoshka hosilining qariyb 80 foizi, Avstraliyada esa 90 foizi nobud bo‘lgan.

Kartoshka kuyasining O‘zbekistonda ilk bor 2009 yilga paydo bo‘lgan. Shu yili Xorazm viloyatining Turkmaniston bilan chegaradosh Shovot, Gurlan va Qushko‘pir tumanlarida zararkunandalar oilasidagi ushbu hasharotni o‘simliklar karantini inspektorlari payqab qolishgan. Hozirda bu xavfli hasharot respublikaning Toshkent, Sirdaryo va Samarqand viloyatining ayrim hududlarida ham tarqalgan.

Nima qilish kerak?

Agarda zararlangan hosilni shunchaki tashlab yuborsangiz, bilingki katta xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lasiz. Chunki, kuya qurti yana tuproq ostiga qaytadi va o‘sha yerda xotirjam qishki «hordiqqa» ketadi. Demak, keyingi yil ham qurtlar «bosqini» muqarrar! Xo‘sh, ulardan qanday himoyalanish mumkin?

Eng avvalo, kartoshka poyasini qurib qolishiga 5−7 kun qolganda o‘rib olish va yo‘qotish, daladan hosilni imkon qadar tezroq yig‘ishtirib olish zarur. Shuningdek, belgilangan tartib qoidalar asosida kartoshka tuganaklari va omborlarni brom-metil bilan zararsizlantirish, ituzumdoshlar oilasiga mansub begona o‘tlardan tozalash va dalalarga kimyoviy vositalar bilan ishlov berish talab etiladi. Buning uchun tumanlarda tashkil etilgan «O‘simliklar klinikasi"ga bemalol murojaat qilishingiz mumkin.

Eng muhimi, ekish ishlarini boshlashdan avval yerni zararkunanda va hasharotlardan tozalash, urug‘li kartoshka materiallarini fitosanitar talablarga to‘liq javob berishi yuzasidan hududiy inpeksiya mutaxassislaridan tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar olishni unutmang.