O‘zbekiston innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Oybek Kabiljanovich Norinboyev O‘q otish sporti federatsiyasi raisi etib saylandi, deya xabar qildi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga. 17 iyul kuni federatsiyaning navbatdan tashqari IX Konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda federatsiyaga yangi rais va uning birinchi o‘rinbosari saylandi.

Raisning birinchi o‘rinbosari lavozimiga bir ovozdan ichki ishlar vazirining turizm va transport ob’ektlarida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha o‘rinbosari Doniyor Baxtiyorovich Kadirov saylandi.

«Oldimizda nihoyatda mas’uliyatli vazifa turibdi, — dedi federatsiyaning yangi rahbari Oybek Norinboyev. — Barchamiz birgalikda harakat qilsak ko‘zlagan maqsadimizga yetishimizga ishonchim komil. Biz hamjihatlikda ushbu sport turini yangi bosqichga olib chiqishimiz kerak. O‘shandagina Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlarida g‘alabalar o‘z o‘zidan keladi. Menga bildirilgan yuksak ishonch uchun prezidentimizga, Milliy olimpiya qo‘mitasi va Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga o‘z minnatdorchiligimni izhor etaman. Ishonchni oqlash uchun bor imkoniyatimni ishga solishga va’da beraman».