O‘zbekiston va Qozog‘iston bosh vazirlari Abdulla Aripov hamda Askar Mamin xalqaro ahamiyatga molik «Beyneu — Akjigit — O‘zbekiston chegarasi» avtomagistralini ochib berdi. Qozog‘iston hukumati rahbarining Instagram`dagi sahifasida marosimdan videolavha e’lon qilindi.

«Yo‘l o‘zbek tovarlarining Qozog‘iston dengiz portlari va avtomobil yo‘llari orqali Rossiya hamda Kavkaz davlatlari bozorlariga yanada qisqa yo‘l bilan chiqishini ta’minlaydi», — dedi Qozog‘iston hukumati rahbari.

O‘zA xabariga ko‘ra, «Beyneu — Akjigit — O‘zbekiston chegarasi» xalqaro avtomagistralini qayta ta’mirlash masalasi ikki davlat rahbarlari tomonidan 2017 yil 23 mart kuni Nur-Sulton shahrida imzolangan O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasida strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va ahil qo‘shnichilikni mustahkamlash to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyadan o‘rin olgan edi.

Avtomobil yo‘lining uzunligi 84 kilometrni tashkil etadi. Mazkur yo‘lni rekonstruksiya qilish va uni Qoraqalpog‘iston Respublikasining Ustyurt platosi orqali o‘tuvchi xalqaro avtomobil yo‘l bilan tutashtirish uchun 108 million AQSH dollarilik mablag‘ yo‘naltirildi.

«Beyneu — Akjigit — O‘zbekiston chegarasi» avtomagistrali mamlakatlarimizning iqtisodiyoti yuksalishi va o‘zaro tovar ayirboshlash hajmining ortishiga xizmat qiladi. O‘zbekistonning Qozog‘iston orqali Shimoliy va shimoli-g‘arbiy yo‘nalishlar — Boltiqbo‘yi va Yevropa mamlakatlariga chiqishida, shuningdek, dengiz bo‘yi mamlakatlari bilan bog‘lanishida muhim ahamiyat kasb etadi.