Nestlé Uzbekistan Fransiyaning Lactalis xalqaro konserni bilan suv va sut mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha biznesini sotish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Bu haqda kompaniyaning 16 iyulda e’lon qilingan press-relizida so‘z boradi. Bayonotda shartnoma qiymati keltirilmagan.

Kelishuv shartlariga ko‘ra, Nestlé`ning O‘zbekistondagi suv va sut mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha biznesi, jumladan Namangandagi ikkita fabrika Lactalis mulkiga aylanadi. Kelishuv yakunlari bo‘yicha kompaniya Lactalis bilan O‘zbekistonda Nestlé`ning global brendlari — Nesquik, Nido ichimliklari hamda Nestlé Pure Life suvlarini ishlab chiqarish bo‘yicha litsenzion bitim imzolanadi.

«Lactalis — sut mahsulotlari toifasida dunyoning eng yetakchi ishlab chiqaruvchilaridan biri. O‘zbekistondagi kelishuv natijasida biz Nestlé brendlari ostida sut toifasi va suv toifasida mahsulotlar ishlab chiqarishda kuchli hamkorga ega bo‘lamiz», — deya qayd etdi Nestlé`ning Rossiya va Yevroosiy mintaqasidagi rahbari Marsial Rollan.

Nestlé O‘zbekiston bozoriga o‘z mahsulotlari, jumladan qandolat mahsulotlari, kofe va bolalar ozuqalarini yetkazib berishda davom etadi.

2017 yilning noyabrida Nestlé Uzbekistan Toshkentdagi ichimlik suvini ishlab chiqarish bo‘yicha zavodini sotgan edi.