Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Toshkent shahar Xalq deputatlari kengashining «Toshkent shahrida tashqi reklamani joylashtirish uchun yig‘imlar undirish vaqtinchalik tartibini belgilash va 2019 yil uchun yig‘im stavkalari to‘g‘risida"gi qarori loyihasiga o‘z munosabatini bildirdi. Bu haqda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.

Hujjat loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirilgan edi.

Xabarda qayd etilishicha, qo‘mita ushbu hujjat loyihasini O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 avgustdagi «Tashqi reklamani joylashtirish sohasidagi faoliyatni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroridan kelib chiqqan holda ko‘rib chiqib, Toshkent shahar hokimligiga o‘z takliflarini kiritdi.

Jumladan, hujjat Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi raisi tomonidan tasdiqlanayotgani sababli uning nomini shunga muvofiqlashtirish hamda qaror va uning ilovasini Kengashda ko‘rib chiqish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yuqorida keltirilgan hukumat qarorining 1-bandida tashqi reklama joylashtirish huquqi uchun mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan belgilanadigan miqdorda yig‘im undirilishi, bunday yig‘imlarni undirish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi ko‘rsatilgan. Shu sababli, qaror loyihasining 2-bandini «Tashqi reklamani joylashtirish huquqini berish uchun vaqtinchalik yig‘imlar miqdori ilovaga muvofiq tasdiqlansin» tahririda bayon etish taklif qilindi.

Shuningdek, qarorning 1-bandi yettinchi xatboshisida tashqi reklamani joylashtirish huquqini berish bo‘yicha shartnomalar tuzish tuman (shahar) hokimliklari tomonidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan. Shunga ko‘ra, loyihaning 3-bandiga tuman hokimliklariga Toshkent shahrida (tegishli ma’muriy hududda) o‘rnatilgan tashqi reklama vositalari egalari bilan shartnomalar tuzish ishlarini qisqa muddatda (10 kunlik muddat ichida) yakunlashni amalga oshirish vazifasini kiritish ko‘rsatib o‘tildi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahrida tashqi reklama vositalari egalari bilan shartnomalar tuzilmagan va 2018 yil 1 dekabrdan buyon tashqi reklamani joylashtirish huquqini berish uchun yig‘imlar undirilmayapti.

Loyihaning 4-bandida Toshkent shahrida tashqi reklamani joylashtirish huquqi uchun 2018 yil 1 dekabridan yig‘iladigan yig‘imlarning 10 foizini «Poytaxt reklama servis» DUK ixtiyoriga, 90 foizini Toshkent shahar mahalliy byudjetiga yo‘naltirilishi ko‘rsatilgan. Biroq Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq, 2018 yil 1 dekabrdan boshlab tashqi reklamani joylashtirish huquqini berish uchun yig‘imlarning 90 foizi tuman (shahar) byudjetiga, 10 foizi «Tasviriy oyina» ijodiy birlashmasi va uning hududiy filiallariga milliy g‘oya va ma’naviyat targ‘iboti tadbirlarini moliyalashtirish, uning apparati xodimlarini ta’minlash uchun yo‘naltirilishi belgilangan. Shu munosabat bilan, loyihaning 4-bandidagi «Poytaxt reklama servis» DUK" so‘zlarini «Tasviriy oyina» Respublika ijodiy birlashmasi" so‘zlari bilan o‘zgartirish taklifi ilgari surildi.

Loyihaning 5-bandida «Toshkent shahar Davlat soliq boshqarmasi, tuman hokimliklariga Toshkent shahrida tashqi reklamani joylashtirish uchun yig‘imlarni undirish tartibi va yig‘imlar miqdorini soliq to‘lovchilar e’tiboriga yetkazilishi va ijro etilishini ta’minlash topshirilsin», deb ko‘rsatib o‘tilgan. Lekin hukumat qarorida tashqi reklamani joylashtirish huquqini berish uchun yig‘imlarning o‘z vaqtida va to‘g‘ri yo‘naltirilishi (90/10 foiz taqsimlanishi) yuzasidan tizimli nazorat o‘rnatish Moliya vazirligiga yuklatilgan. Shundan kelib chiqib, loyihaning 5-bandini: «5. Toshkent shahar moliya bosh boshqarmasi Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi bilan birgalikda tashqi reklamani joylashtirish huquqini berish uchun yig‘imlarning o‘z vaqtida va to‘g‘ri yo‘naltirilishi ustidan tizimli nazorat o‘rnatsin va tumanlar kesimida har oy yakuni bilan Toshkent shahar hokimligiga axborot kiritib borsin.» shaklida o‘zgartirish maqsadga muvofiq ekani ko‘rsatildi.

Qarorning tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga ta’siri mavjudligi sababli uning kuchga kirish muddatini qayta ko‘rib chiqish kerakligi belgilandi.

Yuqoridagilarga asosan, «Toshkent shahrida tashqi reklamani joylashtirish uchun yig‘imlar undirish vaqtinchalik tartibini belgilash va 2019 yil uchun yig‘im stavkalari to‘g‘risida"gi Toshkent shahar Xalq deputatlari Kengashining qarori loyihasini amaldagi qonun hujjatlari talablariga muvofiqlashtirilishi lozimligi yuzasidan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan Toshkent shahar hokimligiga rasmiy xat kiritildi.