O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 16-iyuldagi qarori bilan respubilkada ishlab chiqariladigan realizatsiya qilish oborotlari qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladigan oziq-ovqat mahsulotlari ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, 1-oktyabrgacha bo‘lgan muddatda import qilingan go‘sht (mol, qo‘y, tovuq), shuningdek tirik hayvonlar (qoramol va parranda) hamda ularning so‘yish mahsulotlari ham qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilindi.

Norma.uz`ning qayd etishicha, mazkur holatda importning o‘zi emas, balki import mahsulotini realizatsiya qilish oboroti QQSdan ozod qilinadi. Import qiluvchi mamlakat bojxona hududiga go‘sht va tirik hayvonlarni olib kirishda bojxona to‘lovlari tarkibida QQSni to‘laydi.

“Rasmiy-yuridik nuqtai nazaridan gap Soliq kodeksining 208-moddasida (soliqdan ozod etiladigan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish oboroti) ko‘zda tutilmagan QQS bo‘yicha alohida imtiyozlarni joriy etish haqida ketmoqda. Shunday qilib, hukumat soliq va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlar taqdim etish huquqidan foydalandi”, — deyiladi xabarda.

Bunda go‘sht mahsulotlari va hayvonlarning alohida pozitsiyalari (kodlari TN VED 0102, 0104, 0201, 0204) ham bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun to‘lovlardan tashqari) 2020-yil 1-yanvarga qadar import vaqtidagi QQSdan ozod qilindi.