Xalq ta’limi vazirligi Namangan viloyati Chust shahridagi 9-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchilarining majburiy mehnatga jalb etilganligi haqidagi xabarlarni o‘rganmoqda, deya xabar qildi vazirlik matbuot xizmati.

Avvalroq Kun.uz internet nashrida «Chustdagi maktab muallimalari qurilish ishlarida javlon urishmoqda. „O‘z xohishi“ bilan…» sarlavhali tanqidiy maqola e’lon qilingan edi. Unda Chust shahridagi 9-maktab o‘qituvchilari mehnat ta’tili davrida majburiy mehnatga jalb qilinayotgani, o‘qituvchilar direktorning «Kelmasangiz dars soati berilmaydi», degan dag‘dag‘asidan qo‘rqib ishga chiqayotgani keltirib o‘tilgan edi.

XTV xabarida vazirlikning Huquqiy-nazorat xizmati xodimlari mazkur xabarlarda keltirib o‘tilgan holatlarni o‘rganib chiqib, qonunchilik doirasida ushbu holatga yo‘l qo‘yganlarga chora ko‘rishi ma’lum qilindi.

Qayd etish joizki, bundan avvalroq ham Namangan viloyatida o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilish holati aniqlangan. Kosonsoy tuman markazida tashkil etilayotgan «Yashil xiyobon» hududida 29 iyun kuni tuman xalq ta’limi tizimining 80 nafar texnik ishchi xodimi «shanbalik» niqobi ostida eni 1,5−2 metr, uzunligi 410 metr joyga beton quyish va obodonlashtirish ishlariga majburiy jalb etilgan edi.

Ushbu holat yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganish natijasi bo‘yicha Kosonsoy tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi F.N. vazifasidan ozod etildi.