Ish haqlari, stipendiyalar, pensiya va nafaqalarni indeksatsiya qilish uchun davlat byudjeti va Pensiya jamg‘armasidan 3,474 trln so‘m ajratiladi. Bu haqda 15 iyul kuni bo‘lib o‘tgan Xalqaro press-klub majlisida O‘zbekiston moliya vaziri o‘rinbosari Shoxruh Shorahmedov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, avvaliga inflyatsiya darajasi yanvar-iyun oylarida 5,6 foizni tashkil etganini hisobga olib, oylik ish haqini 7 foizga ko‘tarish uchun 2,2 trln so‘m ajratish rejalashtirilgan edi. Biroq prezident tashabbusi bilan EKIH 10 foizga oshirilib, ushbu maqsadlar uchun byudjetdan qo‘shimcha 361 mlrd so‘m ajratishga qaror qilindi.

«Pensiya fondidan ham 463 mlrd so‘m miqdorida qo‘shimcha mablag‘lar ajratiladi. Oyliklarning oshirilishi aholi, ayniqsa byudjet sohasida mehnat qilayotgan 2,5 mln xodimning moddiy ta’minotini yaxshilaydi, deb hisoblaymiz», — dedi moliya vaziri o‘rinbosari.

Shoxruh Shorahmetov O‘zbekistonda inflyatsiya darajasi biznesning rivojlanishi bilan bog‘liq ekanini ta’kidlab o‘tdi. Aholida daromadlar o‘sadi yoki biznesda kreditlash hisobiga yangi imkoniyatlar paydo bo‘ladi. Ko‘proq import mahsulotlar ishlab chiqariladi. Ham iste’mol tovarlari, ham biznes uchun uskunalar. Bu inflyatsiyaga ta’sir qiladi", — dedi u.

Moliya vaziri o‘rinbosari ish haqining oshishi inflyatsiyani tazlashtirishini tasdiqladi, biroq oyliklarni oshirmasdan qoldirib ham bo‘lmasligini ta’kidladi.

«Davlat oldida tanlash imkoniyati bor. Oyliklarni oshirmasdan qoldirishimiz imkonsiz. 2,5 million kishi, bu — 2,5 million oila demakdir. Ularni boqish kerak. Shuning uchun inflyatsiyaning o‘sish sur’atlari va oyliklarning inflyatsiyaga ta’siridan kelib chiqqan holda ish haqini oshirish uchun eng maqbul darajasini hisoblab chiqishga harakat qilmoqdamiz», — dedi Shoxruh Shorahmedov.