O‘smirlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasini tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Qarorga muvofiq, Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasi tarkibida quyidagi prinsipial yangi «Temurbeklar maktabi» harbiy-akademik litseylari tashkil etildi:

Farg‘ona «Temurbeklar maktabi» harbiy-akademik litseyi (Mudofaa vazirligi tarkibida);

Qibray «Temurbeklar maktabi» harbiy-akademik litseyi (Davlat xavfsizlik xizmati tarkibida);

Nukus «Temurbeklar maktabi» harbiy-akademik litseyi (Ichki ishlar vazirligi tarkibida);

Toshkent «Temurbeklar maktabi» harbiy-akademik litseyi (Milliy gvardiya tarkibida);

Shahrisabz «Temurbeklar maktabi» harbiy-akademik litseyi (Favqulodda vaziyatlar vazirligi tarkibida).

Qaror bilan shuningdek, quyidagilar tasdiqlandi:

Prinsipial yangi «Temurbeklar maktabi» harbiy-akademik litseylarini tashkil etish va ularning o‘quv-tarbiyaviy jarayonini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi;

«Temurbeklar maktabi» harbiy-akademik litseyi to‘g‘risidagi nizom;

Harbiy-akademik litseyning namunaviy tashkiliy-shtat tuzilmasi;

Harbiy-akademik litseylarga biriktirilgan oliy, oliy harbiy va ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarining ro‘yxati.

Yangi shakllantirilayotgan «Temurbeklar maktablari"ga qabul va o‘qitish 2020/2021 o‘quv yilidan boshlanadi.