1-avgustdan pensiya va ijtimoiy nafaqalarning miqdori 1,1 baravarga oshirilishi natijasida 3,5 mln nafardan ortiq pensiya va ijtimoiy nafaqa oluvchilarning moddiy ta’minoti yanada yaxshilanadi, deya xabar qildi Pensiya jamg‘armasi matbuot xizmati.

Shuningdek, O‘zbekiston prezidentining 12-iyuldagi farmoniga muvofiq, 1-avgustdan boshlab nogironlar va imkoniyati cheklangan bolalarga, shu jumladan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini yanada qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi. Xususan:

II-guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning nogironlik pensiyasi eng kam miqdorini belgilashga nisbatan yondashuv tubdan qayta ko‘rib chiqildi. Yangi tartibga muvofiq II-guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar pensiyasining eng kam miqdori hozirgi yoshga doir eng kam pensiyaning 50 foizidan 75 foiziga oshiriladi. Ushbu o‘zgartirish qariyib 50 ming nafarga yaqin nogirinligi bo‘lgan shaxslarning pensiya miqdorini o‘rtacha 145 foizga oshirishni ta’minlaydi.

II-guruh nogironligi bo‘lgan yolg‘iz shaxslarning pensiyasiga ustama miqdori hozirgi eng kam ish haqining 50 foizidan 75 foiziga oshirildi. Ya’ni, har oylik pensiyasi miqdoriga yana qo‘shimcha ravishda 55,8 ming so‘m qo‘shiladi.

E’tiborli jihati shundaki, shu vaqtga qadar pensiya tayinlash uchun yetarlicha ish stajiga ega bo‘lmagan nafaqa oluvchilarining nafaqa miqdorlariga qo‘shimchalar umuman belgilanmagan bo‘lib, joriy yilning 1 avgustidan boshlab ilk bor I-guruh nogironlik nafaqasi oluvchi, shu jumladan 16 yoshdan katta bolalikdan I-guruh nogironlariga, 23 mingdan ortiq shaxslarga eng kam ish haqining 25 foizi miqdorida, ya’ni 55 750 so‘m miqdorda oylik qo‘shimcha to‘lovlar joriy qilinadi.

Boquvchisini yo‘qotganlik nafaqalari oila a’zolarining soniga nisbatan amaldagi foiz hisobida yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan kelib chiqib hisoblanadi.

Masalan, hozirgi kunda ikki nafar mehnatga layoqatsiz oila a’zosi uchun har oyda 182,5 ming so‘m nafaqa olayotgan oila, joriy yil avgustdan boshlab har oyda 327,1 ming so‘m yoki 144,6 ming so‘mdan (79,2%) ko‘p nafaqa olishadi.

Mazkur tadbirlar natijasida respublika bo‘yicha 100 mingdan ortiq pensiya va nafaqa oluvchilar hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlanadilar.