Xalqaro boks assotsiatsiyasi (AIBA) prezidenti G‘ofur RAhimov iste’foga chiqdi. AIBA saytida uning bayonoti e’lon qilindi.

«So‘nggi bir yarim yil davomida men tashkilotimizdagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun tashlanayotgan odimlarni tasdiqlashingiz va qo‘llab-quvvatlashingizni doimo his etdim», — deyiladi bayonotda.

G‘afur Rahimov boksdagi murakkab islohotlar uning siyosiy tus berilgan yolg‘on ayblovlarga qarshi o‘z sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishga qaratilgan jarayonlar bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelib qolganini ta’kidladi.

«Mazkur jarayonlar o‘z nomimni ushbu yolg‘on ayblovlardan tozalashni tezlashtirish uchun muntazam ravishda sud va boshqa mahkamalarda bo‘lib turishni talab qiladi», — deyiladi bayonotda.

G‘ofur Rahimov 2018 yil noyabrda AIBA rahbari bo‘lgan edi. Ungacha AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlar nazorati departamenti uni sanksion ro‘yxatga kiritgan edi. Shuningdek, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi uning o‘z nomzodini ushbu lavozimga ilgari surishi boks olimpiya maqomini saqlab qolish masalasiga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi haqida ma’lum qildi.