Yangiyo‘l hokimining kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jaliklari masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Alisher Usmonov shaharda ikki qavatli uylarning buzilishi to‘g‘risidagi «Gazeta.uz» reportajiga javob qaytardi. Quyida Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati tomonidan e’lon qilingan javobni to‘liqligicha e’tiboringizga havola etamiz.

Bugun internetda Yangiyo‘l shahri «Mezon» mahallasidagi holat bo‘yicha maqola tarqaldi. Birlamchi manba Gazeta.uz veb sayti bo‘lgan maqolada fikrlarim keltirilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda mening gaplarim turlicha talqin qilinayapti.

Men bu vaziyatga munosabat bildirishdan avval bir jihatni ta’kidlashni istardim. Ayni paytda Yangiyo‘l shahrida o‘tgan asrning 60-yillarida qurilgan 100 ta ikki qavatli uy bor. Bu uylarning aksariyati jiddiy ta’mirtalab ahvolda. Kuz-qish mavsumida bu uylarda davomli muammolar bo‘ladi.

Shahar markazidagi «Mezon» MFY da joylashgan 103 va 105-uylar keyingi paytlarda ancha qarovsiz holatga kelib qolgan edi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi rahbari tomonidan o‘tkazilgan majlis bayoniga ko‘ra, shahar markazining qiyofasini tubdan o‘zgartirish chora-tadbirlari belgilangan. Alohida qayd etishni joiz ko‘ramanki, shahrimiz jamoatchiligi bu xushxabarni katta xursandchilik bilan qarshi oldi. Yangiyo‘l shahri markazidagi tirbandlik, ko‘rimsiz, pastqam uylar o‘rnini zamonaviy shaharsozlik andozalariga mos ob’ektlar, keng, ravon ko‘chalar egallashi xalqimizni xursand qildi.

Biz bu ishni boshlashdan avval (20 iyun kuni) mahallada shu uyda istiqomat qiluvchi fuqarolar bilan suhbatlashdik. Maslahatlashuv shaklida o‘tgan bu suhbatlarda viloyat hokimining o‘rinbosarlari Qobil Hamdamov, Sanjar Yusupov, shahar hokimi, uning o‘rinbosarlari ishtirok etdi. Bizda qurilishlarni kelgusi yil bahoriga ko‘chirish varianti ham bor edi. Ammo, xalq bilan maslahatlashishga qaror qildik. Negaki, ular shu uyda yashayapti, muammo va masalalar, yomg‘irli kunlarda tomdan oqqan chakkilar ularga ayon edi. Mazkur uylarda yashovchi 15 nafar oila hamda 9 ta noturar joy (savdo-sotiq ob’ektlari) vakillari bilan masala do‘stona ruhda muhokama qilindi.

Bu maslahatlarda aholi tomonidan ikkita masala o‘rtaga tashlandi:

1. Xuddi shu yerga qurilayotgan uylar ularga beriladimi?

2. Yangi uylar bitguncha qayerda va qanday istiqomat qilishadi?

E’tiborda tutishlaringizni so‘raymanki, yangi qurilayotgan uylarda, avvalo mana shu aholiga, ular hozir qanday asosda foydalanayotgan bo‘lsa, shu asosda beriladi. Ya’ni, turar joy bo‘lsa, hozirda yashab kelayotgan xonadonlarining metr kvadratiga mos ravishda yangi kvartira beriladi. Noturar ob’ekt egalari esa birinchi qavatdan, o‘zlariga maqbul joydan savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari uchun mo‘ljallangan joy oladilar. Ma’lumot uchun aytamanki, yangi qurilayotgan 5 qavatli uylarning birinchi qavati savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari uchun mo‘ljallangan.

Ikkinchi masalaga kelganda shuni aytish mumkinki, tuman hokimligi aholiga vaqtincha yashab turishi uchun kvartiralar topish, ko‘chlarini eltish uchun texnika, agarda ijaraga uy olinsa, ijara pulini to‘lash kabi masalalarda mablag‘ ajratishini ma’lum qildi.

Xullas, bu maslahatlashuvlar yakunida aholi vaziyatni tushunib, o‘zgarishni ijobiy qabul qilib, vaqt g‘animat, qurilishni hoziroq boshlash kerak, degan taklifni bildirishdi. So‘ngra aholi vakillari bilan kelishuv bitimi imzolandi. Hech kim norozi bo‘lmadi. Hech qanday majburlov yoki bosim o‘tkazish holati ham bo‘lgani yo‘q.

Shaharning bosh rejasiga ko‘ra, yana 11 ta eski, 2 qavatli uylar o‘rnida yangi 5 qavatli 3 ta uy qurilishi rejalashtirilgan. Bu haqda ham aholi bilan maslahatlashuv olib borilayapti. Ochiq-oydin haqiqat shuki, odamlarni norozi qilib, ular yashab turgan uylar buzilmaydi. Ular vaqt kerakligini aytishsa, qonunchilikda belgilangan tartibda ish olib boriladi. Yuqoridagi vaziyatda esa aholining istaklaridan kelib chiqib ish ko‘rildi — Yangiyo‘l shahri hokimligi hech kimni majburlab ko‘chaga haydagani yo‘q. Bizda bunday niyat yo‘q, bo‘lishi ham mumkinmas.

Ikki-uch kun muqaddam o‘sha sayt muxbiri men bilan suhbatlashish uchun keldi. Bu vaqtda qurilish ob’ektida edim. Men gap orasida bugun internetda aylanib yurgan jumlalarni ishlatib yuborganimdan tonmayman. Negaki, biz yangiyo‘lliklar uchun davlatimiz rahbarining bu e’tibori nihoyatda quvonchli voqea bo‘lganini tushunishlaringizni istardim. Shu kayfiyatda, zavq bilan ishlarni boshlab turganimizda, bir jurnalist kelib, belgilangan tartibni eslatganda, jahlim chiqib, noo‘rin gapirib yuborganimdan afsusdaman, albatta. Aslida jarayonning mohiyati va mahalliy aholining ko‘p yillik muammolari bilan tanish bo‘lgan, o‘rgangan jurnalist bo‘lganda, masalani bu tarzda qo‘ymas edi.

Men o‘z aqlim va qalbimni jonajon Vatanim taraqqiyotiga baxshida qilib, baholi qudrat ishlab kelayapman. Faoliyatimda xato-kamchiliklar bo‘lgandir, ammo, xalq bilan davlatning fikri uyg‘un kelgan, o‘zaro maslahat, kelishuv asosida boshlangan mana shu loyihada bir ijrochi sifatida qatnashayotganimdan g‘ururlanaman. Men sevgan va vatan ichidagi kichkina Vatanim bo‘lgan Yangiyo‘lni obod etishimizga xalal bermang, xalqimizni sevintirgan ishlarni boshqacha talqin qilmang, degim kelayapti hozir.

Hurmatli jurnalistlar va bloger do‘stlar! O‘zingizga qulay vaqtda Yangiyo‘l shahriga, aynan mana shu ob’ektlarga tashrif buyurib, aholi bilan suhbatlashishga, bo‘layotgan ishlarni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rishga taklif etaman.