15 iyul kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari konferensiyada Davlat xavfsizlik xizmati raisi, sobiq mudofaa vaziri Abdusalom Azizov O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti lavozimiga saylandi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar qildi.

O‘tgan yilning yanvaridan assotsiatsiyaga rahbarlik qilib kelayotgan bosh vazir birinchi o‘rinbosari, transport vaziri Ochilboy Ramatov o‘z xohishi bilan iste’foga chiqish to‘g‘risida ariza berdi.

Konferensiya delegatlari hakam Ravshan Ermatovni O‘FA birinchi vitse-prezidenti, ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Muhiddin Jo‘rayevni vitse-prezident lavozimiga sayladi. Bunga qadar ular vitse-prezident vazifasini vaqtincha bajaruvchi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.

Abdusalom Azizov o‘z chiqishida o‘zbek futbolida hal qilinishi kerak bo‘lgan ko‘plab muammolar mavjudligini ta’kidladi. Asosiy vazifalardan biri — «ichki chempionatni kuchaytirish, muxlislarni stadionlarga qaytarish, klublar o‘rtasidagi raqobatni kuchaytirish"dan iborat ekanini ma’lum qildi.

«Futbolimizni orqaga tortayotgan illatlardan bo‘lgan kelishilgan o‘yinlar va totalizatorda ishtirok etish kabi holatlar bilan keskin kurashamiz. Oxirgi yillarda musobaqa reglamenti muntazam ravishda buzilib kelinganligidan xattoki xalqaro futbol tashkilotlarining ham xabari bor. Bundan buyog‘iga biz sport prinsiplarini ustuvor deb bilib, reglamentni hurmat qilishimiz shart!» — dedi assotsiatsiyaning yangi rahbari.

«Biz nafaqat futbolimizning bugungi kuni, balki ertasi hakida ham hozirdan bosh qotirishimiz kerak. Buning uchun bolalar va o‘smirlar futbolidagi vaziyatni to‘liq o‘rganib chiqib, zarur chora — tadbirlar orqali farzandlarimizga kerakli barcha sharoitlarni yaratib berishimiz kerak», — dedi u.

Abdusalom Azizov O‘zbekiston futbolchilarining jahon chempionatiga yo‘llanma qo‘lga kiritishlari uchun barcha sharoitlar yaratilishiga va’da berdi.