Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugning Buxoro garnizoniga qarashli harbiy qismda to‘satdan tekshiruv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti «Gazeta.uz"ga.

To‘satdan tekshiruv kutilmaganda soat 15:00 da berilgan «Trevoga» signali bilan boshlandi. Butun shaxsiy tarkib tezkor ravishda yuqori jangovar shaylik holatiga keltirildi, zudlik bilan binolarni qo‘riqlash kuchaytirilgan tizimga o‘tkazildi.

O‘quvlardan ko‘zlangan asosiy maqsad harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligini har tomonlama tekshirishdan iborat. Saf ko‘rigi davomida harbiy xizmatchilarning libosi, hujjatlari, safar xaltasi, qurol-aslaha va kerakli anjomlari birma-bir ko‘zdan kechirildi.

Mashg‘ulotlarning ikkinchi kunida harbiy qism shaxsiy tarkibi hali quyosh ko‘kka ko‘tarilmagan tongi soat 4−00 da berilgan ko‘rsatmaga muvofiq, harbiy qismga qarashli dala-o‘quv maydoniga chiqish uchun harakatga keltirildi. Komandirlar tomonidan shaxsiy tarkibga texnika xavfsizligi qoidalari tushuntirilib, harakatlanish bo‘yicha vazifalar yuklandi.

O‘quvlarni real vaziyatlarga yaqin tarzda olib borishga harakat qilindi. Harbiy texnikalardan tarkib topgan kolonnaga qo‘yilgan pistirma xavfi bartaraf etildi. 30 kilometr masofaga jangovar texnikalar va harbiy avtomashinalar tartibida marshni amalga oshirib, dala-o‘quv maydoniga yetib kelgan bo‘linmalar belgilangan nuqtalarga joylashdi. Yuqori qo‘mondonlik bilan tezkor aloqa punkti tashkil etildi.

Jangovar amaliyotlarda harbiy xizmatchining harkatlanishini cheklab qo‘yadigan, xatto, umriga zomin bo‘alidgan xavflardan biri ommaviy qirg‘in qurollaridir. Dala-o‘quv maydonida harbiy xizmatchilar ayni shu xatarga qarshi maxsus kiyimlarni kiyish bo‘yicha imtihon topshirishdi.

Maydonning boshqa yerida bir kishilik muhandislik inshootini barpo etish bo‘yicha sinovlar olindi. Havo harorati issiq va yumshoq tuproqli yer bo‘lganligi sabab harbiy xizmatchilarga okoplarni kovlash uchun 25−30 daqiqa vaqt oralig‘i berilgan.

Otish tayyorgarligi o‘quv mashg‘ulotlarida harbiy xizmatchilar ham pistolet va AK-74 avtomatidan otish me’yorlarini bajarishdi. Shuningdek, tekshiruvlar davomida harbiy xizmatchilar jangovar tayyorgarlik fanlari bo‘yicha test va harbiy topografiyadan nazorat sinovlarini topshirdi.

Xulosa o‘rnida aytganda, o‘tkazilgan keng ko‘lamli o‘quvlarda harbiy qismning jangovar tayyorgarligi har tomonlama sinab ko‘rildi va yo‘l qo‘yilgan ba’zi kamchiliklarni tuzatish, yurt posbonlarining kasbiy ko‘nikmalarini yana oshirish maqsadida zarur tavsiyalar berildi, deyiladi xabarda.

Foto