Toshkent prokurori Sherzod Obloqulov lavozimidan ozod qilindi, deya xabar berdi «Gazeta.uz"ga huquqni muhofaza qilish organlaridagi axborot manbasi. U 2017 yilning iyunida ushbu lavozimga tayinlangan edi.

Bundan tashqari, poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumani prokurori Timur Normuxamedov ham ishdan bo‘shatildi. Uning o‘rniga Ravshan Hakimov tayinlandi.

«Gazeta.uz» axborot manbasi ma’lumotlariga ko‘ra, prokurorlar Toshkentning sobiq hokimi Rahmonbek Usmonov qaroridan norozi bo‘lgan fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqmaganlari uchun lavozimidan chetlashtirilgan.

Toshkent prokuraturasi va O‘zbekiston Bosh prokuraturasi «rasmiy ma’lumot mavjud emas», deya ushbu ma’lumotlarni na tasdiqladi, na inkor etdi.