Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahri markazidagi Samarqand ko‘chasida joylashgan 105-uy shoshilinch ravishda buzilmoqda. Ushbu uyda istiqomat qiluvchilar turar joyning buzilishi to‘g‘risida 23 iyun kuni tasodifan bilib qolishdi. Ularning «Gazeta.uz» muxbiriga ma’lum qilishicha, shahar hokimi Farhod Mirzayev buzilish to‘g‘risida bir necha fuqaroga ma’lum qilgan xolos.105-uyning buzilishi

«Bizga haligacha hech qanday hujjat taqdim etishmadi. 24-ga o‘tar kechasi biz Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, prezident administratsiyasiga xat jo‘natdik. Ikki kundan keyin ombudsman, Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitaga, Vazirlar Mahkamasi va BMTga yozdik», — deydi yaqin vaqtlarda buzilishi rejalashtirilayotgan 115-uyda istiqomat qiluvchi Natalya Filimonova.

Hokimning buzish to‘g‘risidagi qarori aholiga hujjat imzolangan 26 iyun kuni topshirilgan. Ularning tasdiqlashicha, kvartira egalari bilan oldindan suhbat o‘tkazilmagan.

Hokimiyat O‘zbekiston prezidentining 2018 yil yanvarida va 2019 yil iyunida Toshkent viloyatiga tashrifi, ular yakunlari bo‘yicha 12 iyun kuni xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Yangiyo‘lning me’moriy qiyofasini o‘zgartirish hamda ko‘p qavatli «zamonaviy va arzon» uy-joylar qurish to‘g‘risidagi qarorini buzishga asos qilib keltirmoqda.

Qurilishning tasdiqlangan loyihasi mavjud emas. Aholiga eskiz ko‘rsatilib, eng yaxshi loyiha ekani aytilmoqda. Mazkur loyiha bo‘yicha ikki xonali kvartiralarning maydoni 50 kv. m., uch xonali uy esa — 60 kv. m. bo‘lishi lozim edi. 1 iyul kuni aholi bilan uchrashuvda esa 32 kv. m. maydonga ega bir xonali va 44 kv. m. maydonli ikki kvartiralar loyihasi taqdim etilgan. Loyihalardan qaysi biri amalga oshirilishi hozircha noma’lum.

Katta maydonga ega kvartiralar o‘rniga kichik kvartiralarni berish mo‘ljallanayotgani aholining xavotiriga sabab bo‘lmoqda, bu holat ular hayotini yaxshilash o‘rniga qiyinlashtirishi aytilmoqda. «Barak"larda, arzon «sotsial» uylarda yashayotgan odamlar esa ko‘p yillardan buyon o‘zlarining ko‘chirilishini so‘raydi. Biroq Yangiyo‘ldagi «barak"lar buzilayotgani yo‘q hali.

Uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘lim rahbari G‘ulom Mo‘minovning ma’lum qilishicha, Qishloq Qurilish Invest qurilish kompaniyasi bilan hali shartnoma imzolangani yo‘q. Oilalar soni, qurilishi kerak bo‘lgan turar joy maydonlari hisob-kitob qilinmoqda.

Hokimiyat huquqshunosi Alisher Jamolov muxbir bilan suhbatda qurilish loyihalari tasdiqlangani, kompaniya bilan shartnoma mavjudligini ma’lum qildi. Shuningdek, u aholi bilan dastlabki suhbatlar bayonnomalari ham borligiga ishonch bildirdi, biroq tasdiq uchun ularni ko‘rsata olmadi.

Alisher Jamolov kichik hajmli kvartiralar qurilishi turar joy sharoitlarini yaxshilashini ta’kidlar ekan, ma’muriyat aholiga ko‘chish uchun bir oy muhlat bera olmasligini qo‘shib o‘tdi.

«Biz qurilishni boshlashimiz kerak axir. Nima farqi bor, kvartiralarga qishda ko‘chasizmi yoki hozir? Biz qonunni buzmayapmiz. Biz axir ularni ko‘chada qoldirmaymiz. Biz: o‘zingiz toping, agar topa olmasangiz biz o‘zimiz topamiz, deymiz. Qarorda ham ijara uchun ikki yilgacha to‘lash mumkin deb aytilgan. Yangi yilgacha yangi uyni qurib bo‘lamiz», — dedi Alisher Jamolov.

Natalya Filimonova odamlar 1 iyul kuni Toshkentda Prezident administratsiyasiga borganini so‘zladi. O‘shanda Yangiyo‘l hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari bu yil faqatgina ikkita uy — 103 va 105-uy buzilishiga va’da bergan. Xuddi shu kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda shahar hokimi odamlarda 1 yanvargacha vaqt borligi haqida «ofitser so‘zi"ni bergan.

Natalya Filimonovaning qo‘shimcha qilishicha, yig‘ilishda inson huquqlari bo‘yicha vakil yordamchisi ham qatnashgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ombudsman bo‘lib o‘tayotgan voqealarni «bardak» degan va ketgan. Odamlar ishlar qanday ketayotganini bilish maqsadida ombudsmanga ikki marta qo‘ng‘iroq qilgan. U masala prokuratura bilan birgalikda hal etilayotganini ma’lum qilgan. Bu vaqtda esa uylarni buzish ishlari boshlab yuborilgan.

Yig‘ilishda 103 va 105-uylarda yashovchilar ko‘chish uchun hech bo‘lmasa bir oy muhlat so‘ragan. Shahar hokimi ikki hafta berishga va’da qilgan. Biroq 5 iyul kuni odamlardan ko‘chish so‘ralgan. Ikki kundan keyin esa ichki ishlar organlari xodimlari ko‘chirishga kelgan.

Uyda yashovchilarning aytishicha, o‘tgan yili Yangiyo‘l hokimiyati mulkdorlar shirkatini uylarni ta’mirlash uchun kredit olishga majburlagan. 115-uy 60 mln so‘m miqdorida kredit olgan. Tom ta’mirlangan, pod’ezdlardagi qulflar almashtirilgan, romlar yangilanib, uyning old qismi bo‘yalgan. Endi esa uy buzilish arafasida. Kredit masalasi nima bo‘ladi, hech kim aniqlik kiritgani yo‘q.

Odamlarning so‘zlariga ko‘ra, avvaliga hokim ikkita uy qurishga va avval buzilgan uylarda yashovchilar ularga ko‘chirilishiga va’da bergan. Xuddi shu uylarda Samarqand ko‘chasida joylashgan va buzilishi ko‘zda tutilgan boshqa uylardagi kvartiralar egalariga ham kvartiralar ajratilishi lozim edi.

Yangiyo‘ldagi ko‘chalar qazib tashlangan.

«10 iyul kuni 13−14-da ko‘chishimiz kerakligini aytishdi. Yakshanba kuni tomni buzishar ekan. Bizga vaqtinchalik turar joy to‘lovini kafolatlaydigan hech narsa berishmadi. Biz bir haftadan buyon butun shaharga telefon qilib chiqayapmiz, lekin [vaqtinchalik turar joy] topa olmayapmiz, chunki buzishayapti, odamlar ketmoqda», — deydi odamlardan biri.

Hokimiyat taqdim etgan shartnomada ma’muriyat mulk egasiga yangi besh qavatli uyga ko‘chib o‘tguniga qadar vaqtinchalik turar joy uchun to‘lovni to‘lashga majburligi keltirib o‘tilgan. Biroq shahar yangi uy beradigan muddat va to‘lov miqdori ko‘rsatilmagan.

Natalya Filimonovaning aytishicha, 11 iyul kuni prokuror kelib, ayolga uning kvartirasi uchun tovon puli to‘lanmasligini, chunki unda hech kim yashamasligini ma’lum qilgan.

«Biz keyin ta’mirlashimiz uchun bor mebelimizni sotdik. 10 kundan keyin farzandimni dunyoga keltirishim kerak, — deydi qizi Natalya Darya. — [Prokuror] esa kvartiramiz hokimiyatda turar joy sifatida hisobga olinmaganini aytdi».

Aholiga muqobil turar joylar taklif qilinmayapti. 113-uyda yashovchi maryam Nuriddinovaning so‘zlariga ko‘ra, shaharning boshqa qismidagi yangi qurilishlar qimmat hisoblanadi. Aholiga farqni to‘ldirish uchun 20 yil muddatga kredit olish taklif qilinmoqda.

«Ularga yer va pul bersak, kimga kerak bu? Baholash o‘tkazishsin. Qanaqangi ikkilamchi turar joy? Bizda hammaga [ikkilamchi fondga ko‘chib o‘tishlariga] imkoniyat yo‘q. Unday uylar bizda yo‘q. Birinchi navbatda biz yetimlarni ta’minlashimiz kerak. Hozircha yettita yetim bor. Har yili Bo‘ka, Angren va boshqa viloyatlardan bizga kelishadi. Qonun bo‘yicha biz birinchi o‘rinda yetimlar va ehtiyojmandlarga berishimiz kerak. Agarda ularda kvadratura katta bo‘lsa, biz ustama to‘laymiz. Agarda bizning kvartiralardan kichik bo‘lsa, biz pul bermaymiz», — deydi hokimiyat huquqshunosi Alisher Jamolov.

«Biz qanday uylar qurilishini bilmaymiz. Birorta ham uyning loyihasi tasdiqlanmagan. Na muhr bor, na imzo. Biz, umuman, qandaydir bir turar joy olishimizga ham ishonmaymiz», — deya xavotirga tushadi kvartira egalaridan biri.

«Gazeta.uz» muxbiri hokimning qurilish bo‘yicha o‘rinbosari Alisher Usmonovdan nima uchun aholi qonun bo‘yicha olti oylik muddatga amal qilinmasdan shoshilinch ravishda ko‘chirilayotgan haqida so‘radi.

«Siz prezidentning shaharni obodonlashtirish to‘g‘risidagi qaroriga qarshimisiz?» — deya javob berdi Alisher Usmonov.

U tovon to‘lash jarayoni qonun bo‘yicha olib borilayotganiga ishonch bildirdi. Hokimiyat kvartira o‘rniga yangi kvartira beradi. Shartnoma kafolat o‘rnida qabul qilinadi. Har bir kvartiraga bir tashkilot biriktirilgan bo‘lib, ko‘chib o‘tishga javobgar hisoblanadi.

Alisher Usmonov «Gazeta.uz» muxbiri savollariga ortiq javob berishni istamadi. U mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, OAV vakili hokimiyat xodimidan ma’lumot olishi uchun muxbirda tahririyat nomidan buyruq bo‘lishi kerakligini aytdi.

«Nima uchun shartnomada siz taqdim etayotgan kvartiralar odamlarga mulk sifatida o‘tishi ko‘rsatilmagan?» — deb so‘radi muxbir hokimiyat huquqshunosidan.

«Buni yozish kerak deb o‘ylaysizmi? Buni yozib qo‘yish mumkin, — deya javob qildi Alisher Jamolov. — Buning qiyin joyi yo‘q. Albatta, xususiy uy beriladi, u ularning mulki bo‘ladi. Uy tayyor bo‘lishi bilan biz barchaga kadastrlarni beramiz. Buning kafolat xatidan nimasi kam? Kim ularni ko‘chada qoldirmoqda, siz shuni ayting? Hech kim ularni ko‘chada qoldirmaydi. «Kim sizga [bu sizning mulkingiz emas] deydi?»

Aholi bilan uchrashuv 12 iyul kuni bo‘lib o‘tdi. Darya Solovyovaning ma’lum qilishicha, 13 iyul kuni shahar hokimi odamlarga ko‘chish uchun yana bir hafta muhlat bergan.