O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 iyul kuni uzluksiz professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Yig‘ilishda o‘rta bo‘g‘in mutaxassislari va ishchi kasblar bo‘yicha kadrlar tayyorlashning samarali tizimini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Kollejlar negizida professional ta’lim muassasalarining yangi tarmog‘ini shakllantirish vazifasi qo‘yildi. Ushbu muassasalarda boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlanadi. O‘qitish muddatlari zarur bilim, malaka va ko‘nikmalarning murakkabligiga qarab turlicha bo‘ladi.

Yig‘ilishda ushbu tizimni joriy qilishdan oldin uning metodologiyasini yaratish, ta’lim dasturlarini xalqaro talablar asosida yangidan ishlab chiqib, o‘qituvchi va ishlab chiqarish ustalarini tayyorlash, qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish zarurligi ta’kidlandi. Yoshlarni kasb-hunarga qiziqtirish va rag‘batlantirish bo‘yicha taklif kiritish topshirildi.

Davlat rahbari yangi professional ta’lim tizimini mehnat bozori talablari bilan uyg‘unlashtirish masalasiga alohida to‘xtaldi.

Joylarda ishsizlik kuzatilayotgan bir paytda ishchi kasblar bo‘yicha mutaxassislarga katta ehtiyoj borligi qayd etildi. Masalan, yengil sanoatda 46 ming, qurilishda 104 ming, metallga ishlov berish bo‘yicha 71 ming, xizmat ko‘rsatish sohasida 67 ming nafar mutaxassis yetishmayapti. Bu ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasida uyg‘unlik yo‘qligi oqibatidir.

Shu bois bitiruvchining ishga joylashishi yoki o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishi ta’lim muassasalari faoliyatining asosiy mezoni bo‘lishi kerakligi qayd etildi.

Prezident yangi professional ta’lim tizimi bo‘yicha taklif etilgan chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.