O‘zbekistonda pregabalin, zaleplon va tropikamidning noqonuniy savdosini cheklashga qaratilgan hujjat qabul qilinadi. Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida (AOKA) bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Farmatsevtika tarmoini rivojlantirish agentligining Axborot-tahlil bo‘limi rahbari Muhabbat Ibragimova ma’lum qildi.

Iyun oyi oxirida «Gazeta.uz» Nikita Makarenkoning yuqorida keltirilgan dori vositalari retseptsiz noqonuniy ravishda sotilayotgan haqidagi «Toshkent — kayfda» deb nomlangan maqolani e’lon qilgan edi. AOKA matbuot xizmatining xabar qilishicha, matbuot anjumanida OAV muxbirlaridan biri maqolada tilga olingan dorixonalarga nisbatan qanday choralar ko‘rilayotganiga qiziqdi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Axborot-tahlil bo‘limi boshlig‘i Muhabbat Ibrohimova O‘zbekistonda dori vositalari ikki guruhga: retsept asosida beriladigan va retseptsiz dorilarga bo‘linishini qayd etdi.

«Siz aytayotgan dorilar retsept bilan beriladigan dorilar turiga kiradi va ular shifokor retseptiga muvofiq berilishi shart. Ularni retseptsiz, davolanish maqsadidan boshqa hollarda qo‘llash mumkin emas. Bu dorilarni sotib olayotganlar boshqa maqsadda xarid qilayapti, — dedi Muhabbat Ibrohimova. — Qabul qilingan me’yoriy hujjatga ko‘ra, dori vositalarini chakana realizatsiya qilish va uning nazorat vakolati Toshkent shahridagi sog‘liqni saqlash boshqarmasiga, viloyatlarda esa hududiy boshqarmalarga berilgan».

Ta’kidlanishicha, yuqorida tilga olib o‘tilgan dori vositalari hozirda narkotik-psixotrop dorilar ro‘yxatida turmaydi.

«Bu dorilarning bittasi ko‘z tomchi, bittasi psixotrop dori vositasi, lekin ular alohida nazoratga olinmagan. Ular bo‘yicha alohida ro‘yxat tuzish rejalanmoqda, — dedi Muhabbat Ibrohimova. — Inson salomatligiga nojo‘ya ta’sir ko‘rsatuvchi shunday dorilarning ro‘yxati shakllantirilgach, ularning noqonuniy savdosi bo‘yicha jazo choralari ham ko‘rib chiqiladi».

Agentlik vakili bu holatlarning oldini olish maqsadida tez orada alohida me’yoriy hujjat qabul qilinishini aytdi