12 iyul kuni Mudofaa vazirligiga qarashli respublikadagi barcha “Temurbeklar maktabi"da kirish imtihonlari bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar deparamenti “Gazeta.uz"ga.

Xususan, Farg‘ona viloyatida joylashgan “Temurbeklar maktabi"ga joriy yilda kasbiy-tanlov bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan, 500 dan ortiq 9-sinfni bitirgan o‘quvchi yoshlar o‘qishga kirish uchun test sinovlari topshirdi.

Bo‘lib o‘tgan test imtihonlarini shafofligini ta’minlash maqsadida mutasaddi tashkilotlar tomonidan barcha sharoitlar yaratildi. Farg‘ona ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internati binosida o‘tkazilgan imtihon jarayonlarini abituriyentlarning ota-onalari bevosita kuzatishlari uchun imtihon binosining tashqarisiga ulkan monitorlar o‘rnatildi.


Shuningdek, Samarqand va Urganch shaharlarida joylashgan harbiy litseylarda ham bunday imtihonlar bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston prezidentining 2017 yili qabul qilingan “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida"gi farmoniga ko‘ra, mamlakatimizdagi barcha harbiy litseylarga “Temurbeklar maktabi” deb nom berilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil may oyida Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida “Temurbeklar maktabi” bitiruvchilari oliy ta’lim muassasalariga imtihonsiz qabul qilinishi haqida ma’lum qilgandi.