12 iyul kuni kechqurun Toshkentning Mirobod tumanida qurilayotgan Mirabad Avenue ko‘p qavatli uyida yong‘in sodir bo‘ldi, deya xabar qildi Davlat yong‘in xavfsizligi xizmati «Gazeta.uz"ga.

Yong‘in haqidagi xabar YOXBga 22:31 da kelib tushgan. Oltita o‘t o‘chirish mashinasi va ikkita avtozina hodisa joyiga 22:36 da yetib keldi. Olov 23:10 da qurshab olinib, 23:38 da o‘chirildi. Halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar haqida ma’lumotlar yo‘q.

Toshkent YOXBning qayd etishicha, dastlabki taxminlarga ko‘ra yong‘inga qurilayotgan ob’ektning o‘ninchi qavatidagi yog‘och qurilish materiallari (qurilish havozasi) yonishi sabab bo‘lgan. Olov 60 kv. m. maydonga zarar yetkazgan.

Bu Mirabad Avenue`dagi ikkinchi yong‘in. 4 iyul kuni ertalab ham bino yerto‘lasida kichik yong‘in sodir bo‘lgan edi. Unga qadoqlash materiali ustiga sigareta qoldig‘i tushishi sabab bo‘lgan.