1 yanvar kuni Toshkentning Yunusobod tumanida boshlangan gaz va elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha bazaviy normalarni joriy etish tajribasi o‘zini oqladi, deb hisoblandi. Bu haqda O‘zbekiston energetika vaziri Alisher Sultonov O‘zAga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Bir abonent uchun elektr energiyasi iste’molining bazaviy normasi bir oyga 300 kVt·s, gaz esa — 250 kub metr (isitish mavsumi davomida individual tartibda isitiladigan xususiy uylar va kvartiralar uchun — 1000 kub metr) etib belgilangan edi. Bazaviy normadan oshgan ko‘rsatkichlar bo‘yicha o‘rnatilgan tarifga nisbatan 1,2 barobarlik koeffitsiyent qo‘llanilmoqda.

Energetika vaziri natijalarni «yaxshi» dedi. Tajriba natijalariga ko‘ra, yanvar oyida 85 ming 870 nafar iste’molchidan 72 ming 115 tasi (84%) 300 kVt.soatgacha (o‘rtacha 1 xonadonga 90,3 kVt.s) elektr energiyasini iste’mol qilgan va qolgan 13 ming 755 ta (16%) iste’molchi 300 kVt.soatdan ko‘p (o‘rtacha 1 xonadonga 859,1 kVt.s) elektr energiyasini sarflagan.

Iyun oyida 86 ming 272 nafar iste’molchidan 74 ming 239 tasi (86,1%) 300 kVt.soatgacha (o‘rtacha 1 xonadonga 98,8 kVt.s) elektr energiyasini iste’mol qilgan va qolgan 12 033 ta (13,9%) iste’molchi 300 kVt.soatdan ko‘p (o‘rtacha 1 xonadonga 1082,8 kVt.s) elektr energiyasini sarflagan.

«Endi iyun oyi tahlili bo‘yicha 300 kVt.soatgacha elektr energiyasini iste’mol qiluvchi iste’molchilar ulushi 84 foizdan 86,1 foizga yetib (2,1% oshgan), 300 kVt.soatdan ko‘p elektr energiyasini iste’mol qiluvchi iste’molchilar ulushi 16% dan 13,9 foizga tushganini ko‘ramiz (2,1% kamaygan). Bunda pul tushumi 60 foizga oshib, yo‘qotishlar keskin kamaygan. Tajriba o‘zini oqlagani uchun shu yil yakunigacha Toshkent, qisman Samarqand, Buxoro va Jizzax shaharlarida mazkur tizim joriy qilinishi ko‘zda tutilmoqda», — dedi Alisher Sultonov.