1-sentyabrdan “UzHD” bazasida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi qoshidagi “O‘zbekiston tarixi” kanali ishga tushiriladi. Bu prezidentning 11-iyuldagi qarorida ko‘zda tutilgan.

Telekanal HD formatida efirga uzatilib, respublikaning butun hududi bo‘ylab tarqatiladigan raqamli ko‘rsatuvning hammabop ijtimoiy paketi tarkibiga kiritiladi.

Yangi kanal O‘zbekistonning ko‘hna va boy tarixi, O‘zbekiston xalqining jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan g‘oyat katta ilmiy, madaniy va ma’naviy hissasi haqida mamlakat aholisini, shuningdek, chet el jamoatchiligini keng ko‘lamda xabardor qilish bilan shug‘ullanadi.

Kanalda tarixning barcha davrlarini chuqur ilmiy tadqiqotlarning xolisona natijalari asosida ko‘rsatib beruvchi ilmiy-ommabop dasturlar, hujjatli va badiiy filmlar, axborot-tahliliy va mavzuli teleko‘rsatuvlar, tok-shou, “davra suhbatlari” namoyish etiladi.

O‘zbekiston tarixi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar natijalari, madaniy va ko‘hna yodgorliklarni saqlash bilan bog‘liq muammolar, shuningdek, O‘zbekiston xalqi tarixiga taalluqli va umummilliy ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa g‘oyat muhim masalalarni ochiq muhokama qilish uchun olimlar, tarixchilar, tadqiqotchilar, o‘quvchi-yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari taklif qilinadi.

Bundan tashqari, kanalda chet ellarga ijodiy safarlar davomida O‘zbekiston xalqining moddiy va nomoddiy merosi, mamlakat tarixi bilan bog‘liq bo‘lgan nodir qo‘lyozmalar, kitoblarni izlash, amaliy san’at buyumlari hamda muzeylar kolleksiyalarida, xorijiy davlatlarning ilmiy markazlarida, shuningdek, jahon tarixiy merosini o‘rganayotgan jamg‘armalarda saqlanayotgan qimmatli topilmalarni o‘rganish natijalari bo‘yicha maxsus teleko‘rsatuvlar tayyorlanadi.