Joriy yilning 10 iyul kuni Jizzax viloyati hokimligida Amerika Qo‘shma Shtatlarining «Alfa Eco Corporation» MCHJ kompaniyasi boshqaruvchisi Fima Potik hamda Jizzax viloyati hokimining o‘rinbosari Azim Ahmedxo‘jayev o‘rtasida uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda Jizzax viloyati Zafarobod, Forish, Baxmal tumanlarining birida barpo etilishi mumkin bo‘lgan sement zavodi bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

«Alfa Eco Corporation» MCHJ — to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar fondiga ega bo‘lgan xususiy biznes tashkilotidir. Kompaniya sog‘liqni saqlash, muqobil energiya va energetik yechimlar, innovatsion texnologiyalar, xavfsizlik yechimlari, metallurgiya va tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jaligi, qurilishni rivojlantirish kabi sohalarda faoliyat olib boradi.

Alfa Eko 1989 yilda tashkil etilgan. Ushbu kompaniya Jizzax viloyatida 2020 yilning so‘ngiga qadar sement zavodini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Loyiha muddati 18 oy davomida amalga oshirilishi kompaniya vakillari tomonidan ta’kidlandi.

Loyiha doirasida umumiy qiymati 300 mln. AQSH doll. to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritish evaziga 800−1000 ta ishchi o‘rni yaratilishi rejalashtirilmoqda. Zavod qurilishi uchun xomashyo bilan birgalikda 200 gektar infratuzilmaviy sharoitga ega yer maydoniga ehtiyoj borligi muzokaralar davomida kompaniya vakillari tomonidan bildirildi.

Jizzax viloyati hokimligi mutasaddilari tomonidan Zafarobod, Forish, Baxmal tumanlarining hududlarida loyiha uchun mos yer maydonlarini ko‘zdan kechirish taklif etildi.

Uchrashuv so‘ngida kompaniya boshqaruvchisi tomonidan Zafarobod tumaniga shu kunning o‘zida tashrif uyushtirish va u yerdagi yer maydonlarini ko‘zdan kechirish istagi borligi bildirildi.

Jumladan, Jizzax viloyati hokimligi loyihaga oid muammolarni birgalikda bartaraf etish va amalga tatbiq etish uchun barcha zarur chora-tadbirlar ko‘rilishi aytib o‘tildi.