Oldinroq Adliya vazirligi tomonidan internet tarmog‘ida mahkuma Gulnora Karimovaga tegishli tibbiy yordam ko‘rsatilmayotgani hamda u doimo ruhiy bosim ostida ekanligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bo‘yicha o‘rganish o‘tkazilgani to‘g‘risida xabar berilgan edi.

O‘rganish davomida (joriy yilning 3-iyul kuni) Gulnora Karimova oila a’zolarining u bilan uzoq muddatli uchrashuv so‘rab yozgan murojaati kelib tushganlik fakti aniqlangan edi.

Jinoyat-ijroiya kodeksining 76-moddasiga muvofiq mahkumlarning uzoq muddatli uchrashuv huquqi ta’minlanishini o‘rganish maqsadida monitoring o‘tkazildi. Monitoring davomida, mahkuma Gulnora Karimova o‘zining uzoq muddatli uchrashuv huquqidan foydalangan holda 2019-yilning 7-iyul kunidan 10-iyul kuniga qadar, o‘z oila a’zolari bilan uch kunlik — uzoq muddatli uchrashuvda bo‘ldi. Bu haqda Adliya vazirligining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.

Ularga, uzoq muddatli uchrashuv huquqidan foydalanayotgan boshqa mahkumalar kabi, alohida uzoq muddatli uchrashuvlarga mo‘ljallangan yashash joyi ajratildi.

Ushbu uchrashuvni bo‘lish, shuningdek, oila a’zolari tomonidan olib kelingan posilka va banderollarni kiritishni cheklash holatlari bo‘lmadi.

Suxbat davomida, Gulnora Karimovaning oila a’zolari ushbu davrda boshqa mahkumalar ham o‘zining uzoq muddatli uchrashuv huquqidan foydalangan holda yaqinlari bilan birga bo‘lganligini ta’kidlashdi, bu boshqa mahkumalarning uchrashish huquqlari ta’minlanayotganligini bildiradi.

Shu bilan birga, uchrashuv davomida, Gulnora Karimovaning oila a’zolari Gulnora Karimovaga tegishli tibbiy yordam ko‘rsatilmayotganligi va unga bosim o‘tkazilayotganligi bo‘yicha shikoyat va e’tiroz bildirishmadi.