Qoraqalpog‘istondagi «Oraliq» konida sanoat miqyosidagi gaz oqimi olindi, deya xabar berdi «O‘zbekneftgaz» kompaniyasi matbuot xizmati.

Yangi kondagi 1-sonli qidiruv qudug‘ining chuqurligi 3910 metrni tashkil etadi. Gaz-kondensat aralashmasining kunlik gaz berish bo‘yicha dastlabki ko‘rsatkichi 700−800 ming kub metrni tashkil qiladi.

Yaqin vaqtlarda quduqda ehtimoliy mahsuldor gorizontlar (uyumlar) sinovi bo‘yicha ishlar davom ettiriladi, qatlamlar ko‘rsatkichlarini aniqlashtirish uchun gaz-kondensat tekshiruvlari o‘tkazildi.

Mutaxassislar navbatdagi 2- va 3- qidiruv quduqlarida ham burg‘ulash ishlarini davom ettirmoqda, deyiladi xabarda.

Shuningdek, kompaniya Andijon viloyatining Buloqboshi tumani hududida yangi «Chaqar» gaz koni ochilgani haqida ham xabar qildi. Joriy yilning mart oyida mutaxassislar 2-sonli quduqda burg‘ulash ishlarini boshlagan, 10 iyul kuni 1710 metr chuqurlikdan kunlik gaz berish bo‘yicha dastlabki ko‘rsatkichi 300 kub metr bo‘lgan sanoat miqyosidagi tabiiy gaz oqimi olindi.

Ushbu konda qatlamlar ko‘rsatkichlarini aniqlash uchun gaz-kondensat tekshiruvlarini o‘tkazish, shuningdek, yana ikkita quduqda burg‘ulash ishlarini davom ettirish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, Ustyurt hududidagi «Kushkair» konining 1-sonli quduqda kunlik gaz berish bo‘yicha dastlabki ko‘rsatkich 200 ming kub metr bo‘lgan sanoat miqyosidagi gaz oqimi olindi. Qidiruv qudug‘ining chuqurligi 3550 metrni tashkil etadi.