O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi qonun talablarini buzganlik uchuchn javobgarlik choralarini kuchaytirish to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. Hujjat 2018 yil 19 dekabrdagi prezident qarori bilan tasdiqlangan yo‘l xaritasiga muvofiq ishlab chiqildi, deya xabar qildi bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov Facebook-sahifasida.

Qonun loyihasiga ko‘ra, davlat muhofazasiga olingan moddiy madaniy yodgorliklarni nobud qilish, buzish yoki ularga shikast yetkazish ko‘p miqdorda zarar yetkazilishiga (EKIHning 100 dan 300 baravarigacha) sabab bo‘lsa EKIHning 100 dan 300 baravarigacha miqdorida jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Davlat muhofazasiga olingan moddiy madaniy yodgorliklarni nobud qilish, buzish yoki ularga shikast yetkazish ko‘p miqdorda zarar yetkazilishiga (EKIHning 300 dan 500 baravarigacha) sabab bo‘lsa EKIHning 300 dan 500 baravarigacha miqdorida jarima va 360 soatdan 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanadi.

Bundan tashqari, qonun loyihasida alohida muhofaza qilinuvchi va (yoki) o‘z tarixiy-madaniy ahamiyati bo‘yicha Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan tarixiy-madaniy hududlarda moddiy madaniy yodgorlik ob’ekti hisoblanmagan binolar, inshootlar va boshqa ob’ektlarni ruxsat olmasdan qurish yoki buzish harakatlari ma’muriy chora qo‘llanilganidan so‘ng takroran amalga oshirilsa, EKIHning 100 dan 300 baravarigacha miqdorida jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlariga jalb qilish bilan jazolanadi.

Hujjat Senat tomonidan ma’qullanib, O‘zbekiston prezidenti imzolaganidan so‘ng kuchga kiradi.