Respublika bojxonachilari naqd xorijiy valyutalarning noqonuniy olib chiqilishiga doir qator bojxona qoidabuzarliklarini fosh qilishdi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, «G‘ishtko‘prik» chegara bojxona postidan qo‘shni mamlakatga piyoda ravishda chiqib ketayotgan fuqaro X.D. bojxona xodimlari tomonidan xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganda egnidagi kurtkasining cho‘ntagida og‘zaki so‘rovda taqdim qilinmagan va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan 10 000 AQSH dollarini yashirganligi aniqlandi.

Ushbu post xodimlarida shubha uyg‘otgan yana bir fuqaro R.E. xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganda egnidagi shimining cho‘ntagida og‘zaki so‘rovda taqdim qilinmagan va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan 10 000 AQSH dollarini yashirganligi ma’lum bo‘ldi.

«G‘ishtko‘prik» chegara bojxona postiga qo‘shni mamlakatga o‘tish uchun piyoda holda kirib kelgan fuqaro I.D.ning noqonuniy xarakatlariga chek qo‘yildi. Ushbu shaxs xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganida, egnidagi shimining cho‘ntagida og‘zaki so‘rovda taqdim qilinmagan va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan 6600 AQSH dollarini yashirganligi aniqlandi.

«Navoiy» chegara bojxona posti xodimlari tomonidan qo‘shni davlatga o‘tish maqsadida ushbu postga kirib kelgan fuqaro K.O. boshqaruvidagi «Volvo fh 13.460» rusumli yuk avtoulovi bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, avtomashina kabinasida og‘zaki so‘rovda aytilmagan va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan 3500 AQSH dollari yashirilgani ma’lum bo‘ldi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.