«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi to‘qimachilik, tikuvchilik va trikotaj sanoatini rivojlantirish to‘g‘risidagi prezident qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi.

Ichki bozorni sifatsiz va kontrafakt mahsulotlardan himoya qilish uchun loyihada 2020 yil 1 yanvardan O‘zbekistonga tijoriy maqsadlarda olib kirilayotgan barcha tayyor kiyim-kechak va to‘qimachilik mahsulotlarini majburiy sertifikatlash taklif qilinmoqda.

Hujjat qabul qilingan taqdirda, bojxona xizmati mamlakat hududiga tekshiruvlar yakunlari bo‘yicha taqdim etilgan muvofiqlik sertifikati bo‘lmagan tayyor kiyim-kechak va to‘qimachilik mahsulotlarining erkin muomalaga chiqarilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha amaliy choralarni qo‘llaydi.

Hujjat loyihasida 2019−2025 yillarda umumiy qiymati 927,5 mln dollarlik yuqori qo‘shilgan qiymati eksportga yo‘naltirilgan tayyor to‘qimachilik va kiyim-kechak mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha 119 ta investitsion loyihani amalga oshirish taklif etilmoqda.