O‘zbekistonda chet elliklarga mamlakat hududida sotib olingan mahsulotlar narxi tarkibidagi qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish tartiblari — Tax Free tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Prezidentning 10 iyuldagi «Soliq ma’murchiligini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorida bu haqda so‘z boradi.

Rossiyada Yevroosiyo Ittifoqi (Rossiya, Belarus, Armaniston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston) tarkibiga kirmaydigan davlatlardan kelgan sayyohlarga QQSni qaytarish tizimi 2018 yil yanvarida joriy etilgan. Sayyohlar xaridlar qiymatining 18 foizi miqdoridagi QQSni qaytarib olishlari mumkin. Buning uchun chet ellik eng kamida 10 ming rubllik (157 dollar) xaridlarni amalga oshirishi lozim.

Yevroittifoq hududida YeI tarkibiga kirgan mamlakat fuqaroligiga ega bo‘lmagan sayohatchilar aeroportlarda duty-free do‘konlardan tashqaridagi xaridlar tarkibidagi QQS pulini qaytarib olishlari mumkin. Buning uchun xarid chekini saqlab qo‘yish hamda do‘kon sotuvchisi yoki boshqa xodimidan QQSni qaytarish deklaratsiyasi shaklini (VAT Refund) talab qilishi lozim.