O‘zbekiston Oliy sudining Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati 22 yil davomida qamoqda jazo o‘tagan Samandar Qo‘qonovning reabilitatsiya to‘g‘risidagi talabini qondirmadi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati vakili Aziz Obidov xabar qildi.

Samandar Qo‘qonov (1945-yilda tug‘ilgan) — sobiq O‘zbekiston xalq deputati, “Toshtransneftmahsulot” korxonasida direktor bo‘lib ishlagan.

1994-yilda Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati unga nisbatan 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinlagan. “Ozodlik” radiosi ma’lumotlariga ko‘ra, unga qarshi poraxo‘rlik, korrupsiya va jinoiy guruh tashkil etish ayblari qo‘yilgan.

Samandar Qo‘qonov 2016-yilda ozodlikka chiqdi, joriy yilning 22-aprel kuni esa Oliy sudiga oqlashni so‘rab kassatsiya tartibida shikoyat keltirgan. Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati mazkur ishni 12-iyun kuni ko‘rib chiqishni boshlagan.

Bugun, 10-iyul kuni Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining ajrimi bilan Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 1994-yil 23-avgustdagi hukmi o‘zgartirildi. Ushbu ajrimga ko‘ra S. Qo‘qonovning ayblovidan bir necha moddalar chiqarildi, boshqa moddalar bilan tayinlangan jazolar o‘zgarishsiz qoldirildi, qolgan moddalar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga (1994-yilda u 1959-yilgi Jinoyat kodeksi bo‘yicha sudlangan) muvofiq qayta kvalifikatsiya qilindi.

“Toshtransneftmahsulot"ning sobiq direktoriga 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Sud jazoning to‘liq o‘talganini inobatga oldi.