1 sentyabrdan o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga vaqtinchalik mehnat guvohnomalarini berish boshlanadi. O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 9 iyul kuni bu haqdagi qarorni qabul qildi.

Qarorga ko‘ra, quyidagi jismoniy shaxslar o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar hisoblanadi:

  • mehnat daromadi olishga yo‘naltirilgan jismoniy va yuridik shaxslarga xizmatlar ko‘rsatish, ishlarni bajarish bo‘yicha shaxsiy mehnati bilan ishtirok etishga asoslangan faoliyatni mustaqil amalga oshiruvchi;
  • yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tmagan;
  • o‘z faoliyatida yollanma xodimlar mehnatidan foydalanmaydigan.

Ularga jismoniy shaxslar mehnat stajini hisobga olish rag‘batlantiruvchi imtiyozlardan foydalanish huquqi bilan vaqtinchalik mehnat guvohnomalari beriladi.

Yakka tartibdagi tadbirkorlardan tashqari, hunarmandchilik faoliyati sub’ektlari hamda dehqon xo‘jaliklari a’zolari o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar hisoblanmaydi.

Vaqtinchalik mehnat guvohnomalari 24 turdagi faoliyat (ro‘yxat), jumladan repetitorlik, bolalar va keksalarga qarash, yig‘ishtirish-tozalash ishlari, mayda ta’mirlar, avtomobillarni yuvish, mol boqish, xalq tabobati (litsenziya bo‘lgan taqdirda), makulatura va boshqa ikkilamchi xom ashyolarni yig‘ish bo‘yicha beriladi.

Guvohnomada ko‘rsatilgan faoliyatdan tashqari, o‘zini o‘zi band qilgan fuqaro ro‘yxatdagi istagan faoliyat turi bilan ham shug‘ullanishi mumkin.

Guvohnoma soliq imtiyozlarini taqdim etadi. O‘zini o‘zi band qilgan fuqaroning daromadlari jismoniy shaxslarning daromad solig‘iga tortilmaydi, shartnoma asosida o‘zini o‘zi band qilgan fuqaroni ishga jalb qilgan tashkilotlar yagona ijtimoiy to‘lov to‘lovchi sub’ekt hisoblanmaydi.

Guvohnomada ko‘rsatilgan muddat ish staji sifatida qabul qilinadi va yosh, nogironlik va boquvchisini yo‘qotganlik bo‘yicha pensiyaga chiqish uchun amalda mehnat faoliyatini olib borish-bormaslikdan qat’i nazar qabul qilinadi.

Guvohnoma namunasi.

Eng kamida olti oy muddatga o‘zini o‘zi band qilgan shaxs mehnat bo‘yicha organ tavsiyasi bilan o‘z faoliyati turiga imtiyozli mikrokredit olishi mumkin.

Bundan tashqari, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs qisqa muddatga (3 oygacha) kasbiy va tadbirkorlik ko‘nikmalari kurslarida bepul tahsil olishi mumkin.

O‘zini o‘zi band qilganlarga mehnat qurollari (motokultivatorlar, o‘t o‘rin o‘roq mashinalari, perfarotorlar, payvandlash apparatlari, o‘simliklarga ishlov berish uskunalari, duradgorlik, chilangarlik va qurilish uskunalari kabilar), shaxsiy himoya vositalari ish kiyimlarini imtiyozli asosda ijaraga berish punktlari tashkil etiladi.

Mehnat guvohnomasini rasmiylashtirganlik uchun to‘lov hajmi hujjat beriladigan muddatga bog‘liq bo‘lib, bazaviy hisoblash miqdori (202730 so‘m) baravari bo‘yicha hisob-kitob qilinadi:

  • 1 oyga — 0,5;
  • 3 oyga — 1,4;
  • 6 oyga — 2,6;
  • 9 oyga — 3,7;
  • 12 oyga — 4,5.

Guvohnoma muddati tugashi bilan yangi guvohnomaga takroran murojaat qilish mumkin, bu kabi murojaatlar soni cheklanmagan.