2019 yil 9 iyul kuni Samarqandda birinchi an’anaviy Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi turistik yarmarkasi o‘z ishini boshladi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tashabbusi bilan joriy yil Samarqand shahrida tashkil etilayotgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Turizm kengashining navbatdagi yig‘ilishi doirasida o‘tkazilmoqda.

Ochilish marosimida Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi v.v.b. Abdulaziz Aqqulov va MDH ijroiya qo‘mitasining doimiy vakili Tatyana Kovaleva so‘zga chiqdi.

Samarqand viloyati hokimi xalqaro yarmarka mehmonlari va ishtirokchilarini qutlagan holda, hozirgi kunda O‘zbekiston va MDH davlatlari o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalar shiddat bilan rivojlanayotgani va bugungi tadbir buning yaqqol dalili ekanligini qayd etib o‘tdi.

Hokim mazkur tadbir nafaqat mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni yanada yaxshiroq mustahkamlashga, balki turistik salohiyatni xalqaro miqyosda ommalashtirishga ham hissa qo‘shishini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi v.v.b. Abdulaziz Aqqulov qayd etishicha, O‘zbekistonda 7,4 mingdan ortiq madaniy meros obektlari mavjud bo‘lib, to‘rt shahar YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Ikki kunlik tadbir dasturi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi turistik yarmarkasining ochilish marosimi va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ishtirokchi-mamlakatlari Turizm kengashi yig‘ilishi, milliy stendlarga tashrif, yangi marshrutlar va yo‘riqnomalar taqdimoti, shuningdek, «Ipak yo‘li» Xalqaro turizm universiteti taqdimotlarini o‘z ichiga oladi.

Shuningdek, tadbir doirasida «MDH mamlakatlarida turizm va mintaqaviy hamkorlik: yangi chaqiruvlar va imkoniyatlar» Xalqaro ilmiy-amaliy seminarini ham tashkil etish rejalashtirilgan. Unda ilmiy doira vakillari ishtirok etib, turizm sohasida mintaqaviy hamkorlik masalalari muhokama etiladi, soha rivojidagi muammolar va ularni hal etish yoʻllari o‘rganiladi.

Tadbirlarda O‘zbekiston Vazirlik va idoralar vakillari, xalqaro hamkorlar va Qozog‘iston, Belarus, Armaniston, Ozarboyjon, Turkmaniston, Rossiya, Qirg‘iziston va Tojikistondan mehmonlar, shuningdek, ilmiy va ishbilarmon soha vakillari, mahalliy va chet el OAV vakillari ishtirok etmoqda.