«O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi 24 iyuldan Toshkent-Qarshi-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni qayta tiklamoqda. Bu haqda MAK matbuot xizmati xabar qildi.

Doimiy reyslar haftasiga ikki marta chorshanba va shanba kunlari MAK samolyotlarida quyidagi jadval asosida amalga oshiriladi:

Shanba kunlari:

NU 77 Toshkent 04:10 — Qarshi 05:10

NU 78 Qarshi 03:25 — Toshkent 04:25

Chorshanba kunlari (Navoiy orqali):

NU 47 Toshkent 07:10 — Navoiy 05:10

NU 47 Navoiy 08:40 — Qarshi 09:30

NU48 Qarshi 10:10 — Toshkent 11:10

26 iyuldan MAK Qarshi — Moskva (Vnukovo) — Qarshi yo‘nalishi bo‘yicha ham parvozlarni qayta tiklamoqda.

Toshkentdan Qarshiga va Qarshidan Moskvaga parvozlar 2018 yil qishgi mavsumda to‘xtatilgan edi.

Fevralda O‘zbekiston prezidentining «Kirish turizmini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida «Qarshi» aeroportini «O‘zbekiston havo yo‘llari» tarkibidan chiqarish, uning boshqaruvini ixtisoslashgan kompaniyalarga topshirish hamda uning hududida «ochiq osmon» rejimini joriy etish, jumladan loukasterlarni jalb qilish ko‘zda tutilgan edi.

Qarshi aeroportini rivojlantirish konsepsiyasiilg‘or xorij tajribasi asosida 1 iyulgacha tayyorlanishi lozim edi.

O‘sha vaqtda to‘xtatilgan Toshkentdan Andijonga samolyotlar qatnovi hozircha tiklangani yo‘q. MAK buni aeroportning mahalliy reyslarda qo‘llanilayotgan A320 kabi samolyotlarni qabul qilish hamda xavfsizlik talablariga javob bermasligi bilan izohladi.

Iyun oyi boshida «O‘zbekiston 24» telekanali Andijonda zamonaviy ekoaeroport qurilishi rejalashtirilayotgani, terminali O‘zbekiston gerbi shaklida bo‘lishini xabar qilgan edi. Ushbu loyihani Italiyaning «Yevrokom» hamda Xitoyning Zhejiang Communications Construction Group kompaniyalari amalga oshirish taklifi bilan chiqqan.

Xitoyning Shenchjen shahrida quyosh energiyasidan foydalanuvchi ekoaeroport faoliyat ko‘rsatmoqda. Andijonda ham xuddi shunday loyihani amalga oshirish taklif qilindi. Qurilish ishlarining avgust-sentyabrda boshlanib, ikki yildan so‘ng tugallanishi kutilmoqda.