2019 yilning 9 iyul sanasida «Madaniyat va san’at sohasida davlat-xususiy sheriklikni amalga oshirishga ko‘maklashish va moliyalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Qaror bilan Madaniyat va san’at sohasida davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi qonunchilik asosida berilishi mumkin bo‘lgan davlat mulki ob’ektlarining ro‘yxati tasdiqlandi.

Shuningdek, qaror bilan Madaniyat va san’at sohasida davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi qonunchilik asosida amalga oshiriladigan loyihalarni moliyalashtirish uchun alohida ochiladigan shaxsiy g‘azna hisobvarag‘i mablag‘larini jamlash va undan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, maxsus hisobvaraqdagi mablag‘lardan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim ob’ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlashga imtiyozli kredit berish uchun madaniyat va san’at nodavlat muassasalarini tashkil etish maqsadida foydalaniladi.

Bundan tashqari, qaror bilan Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi qonunchilik shartlari asosida faoliyat yuritadigan madaniyat va san’at nodavlat muassasalariga O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘laridan subsidiyalar ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Mazkur nizom nodavlat teatr va sirklar, hayvonot bog‘lari, madaniyat saroylari, konsert zallari, madaniyat markazlariga tatbiq etiladi.

Byudjetdan subsidiyalar madaniyat va san’at nodavlat muassasalari harajatlarining bir qismini qoplash uchun yillik daromadlari va xarajatlari hajmidan, madaniy xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha tuziladigan shartnomalardan kelib chiqib ajratiladi.

Unga ko‘ra, tadbirkor subsidiyalar ajratish uchun moliya organiga tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda ariza bilan murojaat qiladi.

Madaniyat va san’at nodavlat muassasasi byudjetdan subsidiya olishga buyurtmanomani hisobot oyidan keyin ikki oy davomida taqdim etishi mumkin.