Kolorado qo‘ng‘izining asl vatani Meksika. Ammo, 1859 yilda AQSHning Kolorado shtatidagi kartoshka dalalarida uyushtirilgan dahshatli «qirg‘in"dan so‘ng hozirgi nomi berilgan. Ushbu hasharot O‘zbekistonga ilk bor 1974 yilda Belorusdan keltirilgan kartoshka urug‘ligi bilan birga kelgan.

Kolorado qo‘ng‘izi uch yilcha hech narsa yemasdan yashashi mumkin. Jonivor juda ayyor, xavf sezganda o‘zini o‘likka sola oladi. Shuningdek, organizmi uncha-muncha zaharga moslashuvchan, ya’ni tezda unga qarshi immunitet hosil qiladi.

Qo‘ng‘iz Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Buxoro viloyatlaridan tashqari O‘zbekistonning barcha hududlarida tarqalgan. Bu zararkunanda kartoshka bargini kemirib zarar yetkazadi, ayrim hollarda hosilni 50 foizgacha nobud qilishi mumkin. Yana baqlajon va pomidorga ham ishtahasi chakki emas. Xo‘sh, ulardan qanday qutulish yoki zararini kamaytirish mumkin? «O‘zdavkarantin» inspeksiyasi matbuot xizmati bu haqda muhim tavsiyalarni taqdim etdi.

1. Piyoz po‘stlog‘i. Ma’lum bo‘lishicha, Kolorado qo‘ng‘izining — piyoz, qalampir, xantal, sarimsoq va yalpizning o‘tkir hidiga «toqati» yo‘q. Shuning uchun mutaxassislar kartoshkani ushbu o‘simliklar bilan almashlab ekishni tavsiya etadi. Xususan, urug‘ qadash jarayonida «chuqurcha"ga piyoz po‘stlog‘ini ham tashlab qo‘yish yaxshi samara beradi.

2. Hasharotlarga qarshi kurashda yana bir foydali va ekologik xavfsiz metodlardan biri. Ularni qo‘lda terib chiqish — kichikroq hamda kamsonli «lashkar» yig‘ilgan maydonda, ayniqsa qo‘l keladi. Ammo, mayda lichinkalarini terish biroz diqqattalab yumush. Ko‘proq o‘simlik yaprog‘ining pastki qismiga e’tibor qiling, to‘q sariq rangli mitti kushanda odatda o‘sha yerga berkingan bo‘ladi.

3. Entomofag jonzotlar haqida eshitganmisiz? Unda bilib qo‘ying, bu termin o‘zi hasharot bo‘la turib, ayni turdagi «maxluqotlar» bilan oziqlanadiganlarga nisbatan qo‘llaniladi. Masalan, xon qizi, jujelitsa, qandala, chumoli va o‘rgimchaklar — kolorado qo‘ng‘izining tabiatdagi ashaddiy «dushmanlari» hisoblanadi. Ammo, ularni uy sharoitida emas, biolaboratoriyalarda ko‘paytirish qulayroq…

4. To‘g‘ri, uning hidi o‘tkir va yoqimsiz, ammo qo‘ng‘iz balosidan qutulmoqchi bo‘lsangiz, chidashga majbursiz. Xullas, 1,5 litrli shisha idishni qaynoq suv bilan to‘ldirasiz va unga 10 millilitr qatron qo‘shib, yaxshilab aralashtirasiz. Keyin shisha qopqog‘idan kichikkina «darcha» ochib, gullash davrida kartoshka tuplariga ishlov berasiz. Ammo bu usulning bitta «no» tomoni bor. Yomg‘ir yog‘ishi bilan qo‘ng‘izlar yana hujumga o‘tishi mumkin.

5. O‘simliklar klinikalari. Qo‘ng‘iz, yana hozirda tarqalayotgan kartoshka kuyasi bilan kurashga kirishayotganda, shuni yodda tutingki, ularni turli zaharli moddalar bilan butkul yo‘q qilish — imkonsiz. Har populyatsiya davrida jonini omon saqlashning uddasidan chiqqan hasharot baribir topiladi. Bu — har yili navbati bilan eng so‘nggi avloddagi preparatlarni qo‘llash lozimligini anglatadi. Buning uchun, masalan, «O‘simliklar klinikalari"ga murojaat qilishingiz mumkin.