Adliya vazirligi mahalliy kengashlar deputatlari uchun amaliy tavsiyalar ishlab chiqdi, deya xabar qildi vazirlik jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi «Gazeta.uz"ga.

Dekabrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy kengashlariga deputatlar saylovi bo‘lib o‘tadi. Saylov sanasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan e’lon qilinadi, saylov kampaniyasi esa sentyabrda boshlanadi.

Adliya vazirligi tomonidan mahalliy kengashlar deputatlari uchun tayyorlangan qo‘llanmada deputatlikning huquqiy asoslari, kengashlar faoliyatning reglamentlari, shuningdek, mavjud huquq va imkoniyatlardan samarali foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar o‘rin olgan. Shuningdek, mavjud muammolar qayd etilib, ularni bartaraf etish uchun amaliy takliflar ham bayon qilingan.

Vazirlikning qayd etishicha, bugungi kunda deputatlar ishini samarali tashkil etish, mahalliy kengashlar faoliyatini jonlantirish kun tartibidagi asosiy masalalardan biri bo‘lib turibdi.

«Hozirda deputatlarning asosiy vazifasi o‘z-o‘zini tashkillashtirish va boshqarish emas, fuqarolarga davlat tomonidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlarning joylarda amalga oshirilishini ta’minlashdan iborat bo‘lib qolmoqda», — deyiladi xabarda.

Davlat rahbari 2018 yil yakunlariga bag‘ishlab parlamentga qilgan murojaatida vakillik organlari faoliyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Xususan, ushbu organlar ishiga doir qator tanqidiy fikrlarni bildirdi. «Hisobotlarga e’tibor bersak, mahalliy Kengashlar faoliyatida go‘yoki ijobiy o‘zgarishlar yuz berayotgandek tuyuladi, lekin ular faqat raqamlarda aks etmoqda, xolos. Bizga raqamlar emas, aniq natija kerak».