«O‘zavtosanoat» kompaniyasi korxonalari qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlar bekor qilinishi munosabati bilan byudjetga soliq to‘lovlarini 443 mln dollarga oshiradi, deya xabar qildi «O‘zavtosanoat» boshqaruvi raisi Shavkat Umurzoqov «Gazeta.uz"ga.

"O‘zavtosanoat" tuzilmasida bugungi kunda 73 ta korxona faoliyat olib bormoqda. 2018 yilda daromad 26,8 trln so‘mni (3,1 mlrd dollar) tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkichni 30,9 trln so‘mga (3,6 mlrd dollar) yetkazish rejalashtirilmoqda.

Joriy yilda yengil avtomobillar ishlab chiqarish hajmini o‘tgan yilgi 220,6 ming donadan 250 ming, yuk mashinalari hajmini esa 4237 tadan 5016 taga, avtobuslarni — 949 tadan 1674 taga oshirish rejalashtirilmoqda. Import hajmining 1,8 mlrd dollardan 2,1 mlrd dollarga, eksport esa 58,7 mln dollardan 151,1 mln dollarga o‘sishi kutilmoqda.

Yilning birinchi olti oyi davomida avtomobilsozlik sanoatida o‘sish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 154 foizga — 120 ming dona avtomobilga oshdi. Olingan sof foyda miqdori 1,94 trln so‘m (226,1 mln dollar), to‘langan soliqlar hajmi esa 1,08 trln so‘mni (125,9 mln dollar) tashkil etdi.

«Hozirda butlovchi qismlar mijozlar pullari evaziga olib kelinmayapti. Avvallari nima uchun avtomobillarni uzoq kutishgan? Chunki mijozdan pullar olinib, ehtiyot qismlarga buyurtma berilgan, bir oy yig‘ilgan va so‘ngra ular mashinalarni olishgan. Moliyaviy holat yaxshilanishi hisobiga biz foydani aylanmaga kiritdik va yetkazib berish muddatlarini qisqartirdik», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, dollarning so‘mga nisbatan kursi 7800 dan 8550 so‘mga oshgani va barcha imtiyozlar (1 yanvardan, QQSdan tashqari) bekor qilinganiga qaramasdan, narxlar o‘zgarishsiz qolmoqda. Bunga 2018 yil boshida ishlab chiqarish tannarxining 1,7 trln so‘mga kamaytirilishi hisobiga erishildi.

«Biz narxlarni oshirmadik, kurs esa 10 foizga pastladi. Avtomobillar narxi eng kamida 5 foizga o‘sishi kerak edi, ammo biz o‘sishni to‘xtata oldik», — deya ta’kidladi Shavkat Umurzoqov.