O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2019 yil 26 iyunda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Toshkent viloyatining mavjud imkoniyat va salohiyatidan unumli foydalanish zarurligi alohida ta’kidlanib, hududlarni obodonlashtirish, sanoat sohasida yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish, bo‘sh turgan va foydalanilmayotgan bino va inshootlar negizida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish orqali qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish borasida bir qator vazifalar belgilandi.

Toshkent viloyatining Qibray, Bo‘stonliq va Parkent tumanlarida sanoat sohasidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish ishlarini tizimli tashkil qilish maqsadida, Ichki ishlar vaziri boshchiligida mutasaddi vazirlik va idoralarning mas’ul rahbar xodimlaridan iborat Ishchi guruhi tuzildi.

Ichki ishlar vaziri general-leytenant Po‘lat Bobojonov rahbarligida Ishchi guruh a’zolari ishtirokida mazkur tumanlarda ushbu yo‘nalishdagi ishlarning borishi, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishlar o‘tkazildi. Bu haqda IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xabar berdi.

Qibray tumanida o‘tkazilgan yig‘ilishda tuman hokimi M.Mirqosimovning axboroti tinglanib, ko‘tarilgan har bir masala yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar, viloyat hamda tuman tashkilotlari tomonidan bugungi kunga qadar amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, aniq vazifalar belgilandi.

Shuni alohida qayd etish kerakki, Qibray tumanida 2019−2022 yillarda 41 ta sanoat loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Biroq ushbu loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha tijorat banklari tomonidan kreditlar ajratilishi bilan bog‘liq jarayonlarda muammolar mavjud. Yig‘ilishda Markaziy bank tegishli tijorat banklari bilan birgalikda qisqa muddatda barcha loyihalar bo‘yicha kredit yig‘ma jildlarini tayyorlab, kredit ajratish choralarini ko‘rishi va Ishchi guruh rahbariga axborot berishi topshirildi.

Muhokamalar jarayonida tumanning «Kichik sanoat zonasi"dagi 12 ta loyihalardan bugungi kunda ishga tushishga tayyor bo‘lgan 9 ta loyihalarda ishlab chiqarishni boshlash uchun elektr tarmog‘iga ulanish hamda 1 200 metr masofada avtomobil yo‘lini ta’mirlash zarurligi ta’kidlanib, hududiy elektr tarmoqlari jamiyati tomonidan mazkur muammoni bartaraf etish bo‘yicha aniq muddatlar belgilandi.

Tumandagi 9-sonli umumta’lim maktabida qo‘shimcha 180 o‘rinli bino qurish va mavjud binolarni kapital ta’mirlash belgilangan bo‘lsada, moliyalashtirish masalasi hal etilmaganligi, 4-sonli umumta’lim maktabida binoni rekonstruksiya qilish ishlari sust olib borilayotganligi, 3-sonli umumta’lim maktabini kapital ta’mirlash ishlari hali boshlanmaganligi keskin tanqid qilinib, mas’ul idora vakillariga qat’iy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.

Shuningdek, Ishchi guruh rahbari tomonidan tumanda «Obod qishloq» va «Obod markaz» dasturlari doirasidagi ishlarning ijrosi hamda qurilish va muhandislik kommunikatsiyalarini modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilinib, aniqlangan kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish ko‘rsatib o‘tildi.

Bo‘stonliq tumanida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda tuman hokimi G‘.Madaminov tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, hududga xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish, turizm salohiyatini yanada oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish borasida belgilangan vazifalar ijrosi bo‘yicha bugungi kunga qadar amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berib, mavjud muammolarni o‘rtaga tashladi.

Ishchi guruh rahbari tomonidan tumanda 2019−2022 yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan 12 ta sanoat loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha tijorat banklari tomonidan kreditlar ajratilishi bilan bog‘liq muammolar tahlil qilinib, tegishli chora-tadbirlar belgilandi.

Tumanning ijtimoiy infratuzilmasini shakllantirish borasidagi ishlar o‘rganilganida, mazkur hududda davlat ahamiyatidagi va mahalliy ahamiyatdagi yo‘llarning ma’lum bir qismi kapital ta’mirga muhtoj ekanligi alohida ta’kidlandi va tegishli idora mas’ul xodimlariga aniq muddatlar belgilangan holda topshiriqlar berildi.

«Obod qishloq» dasturi doirasida tumanning «Qoronko‘l», «Alg‘abas» va «Barraj» fuqarolar yig‘inlari hududlarini obodonlashtirish, yo‘l-transport, elektr-energiya va muhandislik kommunikatsiya tizimini yaxshilash, ijtimoiy soha ob’ektlarini yangidan qurish va mukammal ta’mirlash bo‘yicha bir qator ishlar bajarilgan bo‘lsada, ushbu hududlarda ichimlik suvi ta’minoti bilan bog‘liq masalalar o‘z yechimini topmaganligi tanqid qilinib, kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mas’ul xodimlarga vazifalar yuklatildi.

Parkent tumanida o‘tkazilgan yig‘ilishda tuman hokimi N.Muhamedovning axboroti tinglanib, ko‘tarilgan har bir masala yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar, viloyat, tuman tashkilotlari tomonidan olib borilgan ishlar muhokama qilindi va zarur chora-tadbirlar belgilandi. Mazkur tumanda 2019−2022 yillarda sanoatni rivojlantirish yuzasidan umumiy 32 ta loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Tumanda «Parkent broyler» MCHJ tomonidan 120 mlrd so‘mlik loyiha asosida parranda go‘shti ishlab chiqarishga mo‘ljallangan kompleksni ishga tushirish bo‘yicha ushbu tadbirkorga tuman hokimining tegishli qarori asosida 4 ga yer maydonini ajratish masalasi hal etilmagan. Investitsiya loyihalarini amalga oshirish borasida ham ma’lum muammolar mavjud bo‘lib, «Parkent-farm» erkin iqtisodiy zonasi uchun Parkentsoy kanali ustiga ko‘prik qurish, «Parkent kichik sanoat zonasi» DUK uchun oqava suv tarmog‘ini tortish zarurati mavjud.

Ijtimoiy soha ob’ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash borasidagi ishlarning borishi tahlil qilinganida, tumandagi15 ta maktabda laboratoriya xonalari, 6 ta maktabda faollar zali, 6 ta maktabda sport zallari va maydonchalari, 6 ta maktabda qizlarni kasb-hunarga tayyorlash o‘quv ustaxonalari, 30 ta maktabda kompyuter texnikasi bo‘yicha yetishmovchilik mavjudligi shuningdek, 49 ta maktabda kutubxonalar yangilanishi lozimligi ma’lum bo‘ldi.

Ishchi guruh rahbari tomonidan tuman hududidagi ijtimoiy soha ob’ektlari, maktabgacha ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablari va sog‘liqni saqlash muassasalari, yo‘l, suv hamda elektr va gaz ta’minoti tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlarini tashkil etish bo‘yicha aniqlangan muammolarni tez fursatlarda bartaraf etish yuzasidan mas’ul xodimlarga aniq topshiriqlar berildi.

E’tiborli jihati shundaki, har bir hududda o‘tkazilgan yig‘ilishlarga xususiy tadbirkorlar va investorlar taklif etilib, ular tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalarning borishi, mavjud muammolar ochiq-oydin aytilib, masalalarga qonuniy yechim topildi.

O‘tkazilgan barcha yig‘ilishlar yakunida Ichki ishlar vaziri general-leytenant Po‘lat Bobojonov tomonidan Ishchi guruh a’zolari bo‘lgan mutasaddi vazirlik va idoralar mas’ul xodimlari, viloyat va tumanlarning tegishli korxona-tashkilotlari boshliqlari hamda hududiy sektorlar rahbarlariga aniq topshiriqlar berildi. Qibray, Bo‘stonliq va Parkent tumanlarida boshlangan ishlarni yanada jadallashtirish borasida to‘rtta sektor rahbarlari faol va tashabbuskor bo‘lishi, mas’uliyat va shijoat bilan ishlashi shartligi uqtirildi. Ishchi guruh a’zolariga Investitsiya dasturi, «Obod mahalla» va «Obod markaz» dasturlariga kiritilgan ob’ektlar bo‘yicha ishlarning borishini nazorat qilish, tasdiqlangan jadvallar asosida qurilish ishlarini joyiga chiqqan holda o‘rganib, mavjud muammolarni hal etish vazifasi yuklatildi.

Xalqimizning farovon hayotini ta’minlashga qaratilgan islohotlar, o‘zgarish va yangilanish jarayonida har bir rahbar, har bir idora va tashkilot xodimi faol ishtirok etishi, shu yurt taqdiriga daxldorlik hissi bilan yashashi zarurligi alohida ta’kidlandi.