Qoraqalpog‘istoning Mo‘ynoq tumanidagi Sudoche ko‘lida sodir bo‘lgan yong‘inda 278 gektar maydondagi qamishzorlarga zarar yetgan. Bu haqda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.

Yong‘inlar 4 iyul kuni soat 15:30 atrofida Sudoche ko‘llar tizimining janubi-sharqiy qismidagi Qoratereng bo‘limida chaqmoq natijasida boshlangan. Orolchalardan shamol natijasida atrofdagi qamishzorlarga hamda qirg‘oq bo‘yi mintaqasiga tarqalgan.

Yong‘in ko‘l o‘rtasidagi orolchalarda yuz bergani va yong‘inga yaqin borishga imkoni bo‘lmagani sababli yong‘inni o‘chirish imkoni bo‘lmagan. Chunki yong‘in boshlangan maydonlarda motorli qayiq yoki orolchalar usti qamish bo‘lib tag qismi suvli botqoq bo‘lib, odam kirib borishi mumkin bo‘lmagan.

Hodisa tufayli jami yongan jami maydonning 111,2 gektari «Mo‘ynoq akvasanoat» korxonasiga, 166,8 gektari esa «Sudoche» ornitologik buyurtmaxonasiga qarashli bo‘lgan.

«Sudoche» ornitologik buyurtmaxonasi hududi yovvoyi holda yashovchi ondatra, o‘rdak (bir necha turlari), g‘oz, oqqush, birqozon, qoravoy, flamingo va boshqa hayvonot dunyosiga zarar yetkazilgan holat uchramadi, deyiladi xabarda. Chunki bu yerda yashovchi suvda suzuvchi qushlar va boshqa hayvonot turlari bahor oylarida tuxum qo‘yib ko‘payadi. Hozirgi kunda esa polaponlar katta bo‘lib, bemalol suvda suzib yuradigan darajada o‘sib-ulg‘aygan.

Qamishzorlarga yong‘in tufayli yetkazilgan zarar jami 225,4 mln so‘mni tashkil qildi. Yong‘in 6 iyul kuni soat 23:00 lar atrofida o‘chgan.