Jahon bankining katta iqtisodchisi Eskender Trushin Toshkentda biznes vakillari bilan uchrashuvda 2018 yilda Jahon banki tomonidan tayyorlangan «O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish va ish o‘rinlarini yaratish» hisobotini taqdim etdi. Hisobotda 2013−2017 yillarda yirik firmalar, 2017 yilda kichik korxonalar o‘rtasida o‘tkizilgan ikkita so‘rovnoma ma’lumotlaridan foydalanilgan. Hisobot taqdimotining asosiy jihatlari bilan quyida tanishishingiz mumkin.

Mehnat unumdorligi ortishi bilan ish haqi oshadi. Lekin har doim emas

O‘zbekistondagi (2018 yilda qo‘shma korxona va qishloq xo‘jaligini hisobga olmaganda, o‘rtacha 225 dollar) va Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) mamlakatlaridagi (masalan, Polshada 1356 dollar, Litvada 948 dollar, Belarusda 422 dollar, Armanistonda 386 dollar) o‘rtacha ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan boshlar ekan, Eskender Trushin mamlakatlar o‘rtasidagi mehnat unumdorligining farqi ish haqining farqini aniqlashini ta’kidlab o‘tdi.

Kam va yuqori daromadli mamlakatlarda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YAIMning farqi mamlakatlar o‘rtasidagi mehnat unumdorligi tafovutini ko‘rsatadi. Aholi jon boshiga YAIMni oshirish uchun (O‘zbekistonda 2018 yilda nominal jihatdan 1532 dollar) mehnat unumdorligini oshirish va ish o‘rinlarini yaratish zarur.

2004−2011 yillarda o‘rtacha real ish haqining jadal o‘sishi (mehnat unumdorligining oshishiga ko‘ra tez), ehtimol, ish o‘rinlarini yaratish va aholini ish bilan ta’minlashga salbiy ta’sir ko‘rsatdi, shu jumladan mehnat hajmi yuqori bo‘lgan sohalarda, deya tahmin qiladi ma’ruzachi.

Ish o‘rinlari va ularning mahsuldorligi — bu ikki ko‘rsatkich bir vaqtning o‘zida o‘sib borishi kerak, qarama-qarshi yo‘nalishlarda o‘zgarish kerak emas, deya ta’kidladi JB mutaxassisi.

Eskender Trushin so‘nggi 20 yil ichida qurilish, kimyo va neft-kimyo sanoati, savdo va umumiy ovqatlanish, transport va aloqa sohalarida ushbu ikki ko‘rsatkich bir vaqtning o‘zida (va bu eng maqbul natija) o‘sib kelganligini qayd etdi.

Elektr energetikasi, yoqilg‘i va metallurgiya sanoati yangi ish joylari yaratdi, ammo ularning mehnat unumdorligi kamaydi. Qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, sanoat-qurilish materiallari, yengil, oziq-ovqat va qayta ishlash sanoatida mehnat unumdorligi oshdi, ammo ish o‘rinlari kamaydi.

O‘zbekistondagi o‘rtacha mehnat mahsuldorligi aholi jon boshiga nisbatan past va o‘rta daromadli mamlakatlarga nisbatan 16 foizga kam va o‘rtacha-yuqori daromadga ega mamlakatlarga nisbatan 54 foizga pastdir.

Jahon banki mutaxassisi O‘zbekiston iqtisodiy rivojlanishining o‘ziga xos xususiyatlarini sanab o‘tdi:

  • So‘nggi 20 yil ichida O‘zbekistonning YAIM juda tez o‘sdi — yiliga o‘rtacha 5 foiz, ushbu o‘sishning 91 foizi mehnat unumdorligining oshishi bilan bog‘liq bo‘ldi. Shu bilan birga, ish o‘rinlarini yaratish mamlakatdagi iqtisodiy faol aholi o‘sish sur’atlariga mos kelmadi: 2004−2016 yillar mobaynida yiliga o‘rtacha atigi 280 mingta (netto) va eng oxirgi yillarda yiliga 200 mingga yaqin ish o‘rinlari tashkil etildi;

Bu faqatgina ta’lim muassasalari bitiruvchilarini (har yili taxminan 500 ming) ish bilan ta’minlash uchun talab qilinadigan ish o‘rinlaridan ancha kam, ish izlab yurgan boshqa aholi qatlamini aytmasa ham bo‘ladi. Boshqacha aytganda, ish o‘rinlarini yaratishni kamida ikki baravar oshirish kerak.

  • Mehnat bozori bir qator salbiy omillar bilan izohlanadi: mehnatga rag‘batning zaifligi, ish beruvchilar talab qiladigan ko‘nikmalarning ish qidiruvchilarning amaldagi ko‘nikmalariga mos kelmasligi; korxonalarda treninglarning yetishmasligi; yoshlar va ayollar o‘rtasida yuqori ishsizlik; aholining iqtisodiy jihatdan faol bo‘lmagan qismining ko‘pligi;
  • 1996−2016 yillar mobaynida investitsiyalarning jadal o‘sishi (iqtisodiyotda sarmoyalar doimiy narxlarda 18 barobar, har bir ishchi uchun kapital esa doimiy narxlarda 11,7 barobar oshdi) ishlab chiqarish omillarining umumiy samaradorligining sekin o‘sishini (21 yilda tarmoqlararo tarqalishni hisobga olmaganda atigi 16,4% ga oshdi) va tarmoqlararo tarqalish hissasining qisqarishini qisman kompensatsiya qildi.

Doimiy kapitalga investitsiyalar kiritish barqaror kapitalning kam daromadliligini (doimiy narxlarda) qoplash va mehnat unumdorligining o‘sishini ta’minlash uchun yetarli darajada tez o‘sdi.

  • Qayta ishlash sanoati soahasida, ayniqsa oziq-ovqat, yengil, to‘qimachilik va boshqa ko‘p mehnat talab qiladigan sohalarda ish o‘rinlari yaratish qiyin kechdi. Ko‘plab ishchilar qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sanoatidan xizmat ko‘rsatish sohalariga ketdi.

Eskender Trushin bir dalilni qayd etib o‘tdi: barcha mamlakatlarda yangi firmalar mavjud bo‘lgan eski firmalarga qaraganda ko‘proq ish o‘rni (netto) yaratadi. Agar O‘zbekistonda biznesning zichligini (1000 ishchi aholi uchun yangi ochilgan firmalar soni) hisoblasak, unda 2006−2016 yillarda bu raqam 1000 nafar mehnatga layoqatli aholi boshiga 0,72 yangi firmani tashkil qildi. Bu ko‘rsatkich Tojikistondan tashqari (0,35 yangi firma) MDH mamlakatlari orasida eng past ko‘rsatkichlardan biri va MDH mamlakatlarining o‘rtacha ko‘rsatkichining yarmi barobaridadir (1,67 yangi firma).

JB mutaxassisi bu holat aholi zaif tadbirkor ruhi tufayli ro‘y bermagani, balki O‘zbekistonda biznesni olib borishdagi to‘sqinliklarning kattaligi sababidan va dunyoda uzoq vaqtdan beri mavjud bo‘lgan texnologiyalarni taqsimlash va o‘zlashirishning zaifligidan kelib chiqqanligini taxmin qildi.

O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sishini tezlashtirish uchun butun dunyo uchun yangi texnologiyalarni ixtiro qilishga katta pul sarflashning hojati yo‘qligiga ishonch bildirdi Eskender Trushin. Avvalo, jahonda uzoq vaqtdan beri mavjud bo‘lgan texnologiyalarni jadal va ommaviy ravishda kiritish kerak. «Siz hayratga tushasiz, — deydi Jahon banki vakili, — lekin sovet davrida xatto O‘zbekistonning o‘zida yaratilgan uzoq yillardan beri mavjud texnologiyalar ham O‘zbekistonga joriy qilinmaydi. Shunga qaramasdan, ular boshqa mamlakatlarda joriy qilinmoqda».

2014 va 2017 yillarda tashkilotlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovga ko‘ra texnologiya va innovatsiyalarni joriy etishdagi to‘siqlar quyidagilardir:

  • bank kreditlarini olishdagi qiyinchiliklar;
  • malakali muhandis va ishchilarning yetishmasligi;
  • xom-ashyoni qo‘lga kiritish;
  • yangi texnologiyalarni qamrab olish uchun zaif ichki bozor;
  • texnologiyalar haqida ma’lumotlarning yetishmasligi.

O‘zbekiston qayta ishlash sanoatidagi mehnat unumdorligi borasida aholi jon boshiga tahminan bir xil YAIMga ega davlatlarga nisbatan o‘rtacha 16 foizga ortda qolmoqda, lekin bu davlatlarni o‘rtacha ish haqi taqqosida 57 foizga ortda qoldirmoqda. Bu O‘zbekistonda mehnat unumdorligining o‘sishini jadallashtirish masalasini o‘rtaga qo‘yadi.

Prezentatsiyadan slayd.

Raqobatbardosh sohalarning rivojlanishi

O‘zbekiston oziq-ovqat va yengil sanoat sohalarida, kimyo va neft-kimyo sanoatining ayrim tarmoqlarida raqobatbardosh ustunlik va istiqbolga ega. Bu agar xarajat va daromad jahon narxlarida hisoblab chiqilsa, qo‘shilgan qiymatning jami daromadga nisbat ko‘rsatkichida ko‘rinadi. Mazkur ko‘rsatkich bu sohalarda ancha yuqori va ichki narxlarda hisoblab chiqilgan ayni ko‘rsatkichdan ham yuqori, deya ta’kidladi Eskender Trushin.

O‘zbekistondagi qayta ishlash sanoatida mehnat unumdorligining xuddi shunday aholi daromadiga ega bo‘lgan boshqa mamlakatlar bilan taqqoslaganda ortda qolishini xalqaro savdodagi aniq raqobatbardosh ustunlikka ega sanoatlarni rivojlantirish orqali kamaytirish mumkin.

O‘zbekiston iqtisodiyotining ko‘p mehnat talab qiladigan aksariyat sohalari jahon bozorida davlat subsidiyalari va import tariflarini oshirmasdan turib ham raqobatbardosh hisoblanib, davlat mulkidan va boshqaruvidan to‘liq ozod etilishi mumkin, dedi iqtisodchi.

Biroq, bu sohalar eksportni rivojlantirishda ayni paytda juda kam bo‘lgan boshqa davlat ko‘maklariga muhtoj:

  • ISO sifat sertifikatlarini olishda yordam berish (hozir O‘zbekistonda ma’lum turdagi mahsulotlar uchun bunday sertifikat olish qimmat turadi);
  • O‘zbekistonda Yevropa Ittifoqi va AQSHda akkreditatsiyalangan sinov laboratoriyalarini yaratish (2017 yil holatiga ko‘ra O‘zbekistonda bir dona ham yo‘q, Qirg‘izistonda esa bunday laboratoriyalar soni ikkita);
  • biznes uchun yangi texnologiyalar haqida muntazam ravishda mavjud ma’lumotlar;
  • yangi texnologiyalarni import qilish uchun kredit va lizingli qo‘llab-quvvatlash.

Mehnat unumdorligining o‘sishidagi to‘siqlar

Eskender Trushin ko‘rinishdan paradoksal bo‘lgan vaziyatni xarakterladi: O‘zbekistonning qayta ishlash sanoatida 5 ta sohasida o‘rtacha mehnat unumdorligi 2014 va 2016 yillarda kichik firmalarda katta firmalarga qaraganda 2 baravar ko‘p bo‘lgan, ammo 2016 yilda ish o‘rinlari sonining sarmoya birligiga nisbati bo‘yicha yirik firmalar kichik firmalarni ortda qoldirgan. Bu nima uchun shunday ekanligiga javob berar ekan, ekspert shunday deb ta’kidladi: kichik firmalarning unumdorligi yuqori bo‘lishiga va yuqoriroq ish haqi taklif qilishiga qaramasdan, xodimlar baribir kichik firmalarga juda sekinlik bilan «oqadi». Ko‘pgina xodimlarning yirik firmalardan kichik firmalarga «oqmasliklariga» sabab bo‘ladigan sabablarni o‘rganish kerak.

Shuningdek, u qayta ishlash sanoatidagi firmalar o‘rtasidagi so‘rovnomalardan ma’lumotlar keltirdi. Mazkur ma’lumotlar mehnat unumdorligini oshirish uchun zaxiralar haqida guvohlik bermoqda:

  • Katta firma boshqaruvchisi vaqtining 31foizi va kichik firma boshqaruvchisi vaqtining esa 26 foizi firmalarda mehnat unumdorligini oshirish muammolarini hal qilish o‘rniga davlat idoralarida (inspeksiya, bojxona, vazirliklar) turli samarasiz byurokratik ishlar uchun ketdi;
  • 2016 yilda yirik firma ishchilarining 32 foizi va kichik firmalar ishchilarining 30 foizi qishloq xo‘jaligi ishlariga va boshqa jamoat ishlariga chalg‘idi;
  • Katta firmalarning 11 foizi va kichik firmalarning 23 foizi mahalliy hokimiyat organlari firmalardan jamoat ehtiyojlari uchun kompensatsiyasiz «qo‘shimcha xarajatlar» so‘ramoqda, degan xulosaga kelgan;
  • 2016 yilda katta firmalarning 13 foizi va kichik korxonalarning 7 foizi ishlab chiqarish masalalarini hal qilish uchun turli davlat organlariga norasmiy to‘lovlar to‘lashdi va yirik korxonalarning 8 foizi va kichik firmalarning 6 foizi norasmiy to‘lovlar uchun mahalliy hokimiyat organlari uchun qancha miqdorda pul ketishishini oldindan bilishgan.

Yirik firmalarning umumiy mahsulot hajmining 61foizi va kichik firmalarning umumiy mahsulot hajmining 46 foizi 2016 yilda vazirliklar va tarmoq sanoat birlashmalari tomonidan markazlashtirilgan tarqatish (sotish) mavzusiga aylandi va mahsulotning bu qismi firma yoki bozor tomonidan taqsimlanmadi.

Shubhasiz, ayrim bandlarda vaziyat o‘sha paytdan beri o‘zgargan bo‘lishi mumkin va bu ham keyingi izlanishlarni talab qiladi.

Ma’ruzachi, shuningdek, qayta ishlash sanoatida ish o‘rinlarini tashkil qilishdagi to‘siqlar (2017 yil sentyabrda bekor qilingan valyuta konvertatsiyasi bilan bog‘liq muammolar va 2019 yil yanvaridan kamaytirilgan juda yuqori soliq bundan mustasno) haqida gapirdi:

  • arzon narxlardagi (jahon narxidan yuqori bo‘lmagan) xom ashyoning yetishmasligi (yetkazib berishning uzilishli ekani va sifat bilan bog‘liq muammolar);
  • malakali xodimlarning yetishmasligi;
  • ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar uchun talabning pastligi (sotish muammosi);
  • kredit olish imkoniyatining yetishmasligi (yetarsiz hajm, baland stavkalar);
  • Kadrlarni saralash bo‘yicha malakali HR-menejerlarning yetishmasligi;
  • korxonalarda ish haqining kamligi va ijtimoiy paketlarning yaxshimasligi (tibbiy sug‘urta, transport, mehnat sharoitlari);
  • boshqa shaharlardan kelib ishlaydigan xodimlar uchun arzon uy-joy, bolalar bog‘chalari, maktablarning yetishmovchiligi.

Samaradorlikning o‘sishi uchun qanday katta o‘zgarishlarga ehtiyoj borligi haqida gapirganda, Eskender Trushin quyidagilarni sanab o‘tdi:

1. Kichik va yirik korxonalarni qiymatni hosil qilish umumiy zanjiriga integratsiya qilish. Mikro, kichik va yirik firmalarning har bir sohasidagi aniq mahsulotlar haqida ma’lumotlar bazasi yaratish va yirik firmalar kichik firmalarga qandaydir komponentlar ishlab chiqarishni buyurtma qilsa va ish joylari yaratgan taqdirda ularning barchasini umumiy platformaga yig‘ish (outsourcing).

Davlat kichik firmalarga lizing uskunalari yoki ishchilarni o‘qitishga yordam berishi va yaxshi tashkil etilgan yirik xorijiy firmalar va mahalliy mikrofirma va kichik firmalar o‘rtasida moderator rolini bajarishi mumkin. To‘qimachilik, tikuvchilik, oziq-ovqat, zargarlik, mashinasozlikning ba’zi og‘ir ish talab qiladigan sohalarida (velosipedlar, mototsikllar, skuterlar) va boshqa sohalarda tuman markazlarida «park-klasterlar» ni (xom ashyolardan tayyor mahsulotlargacha bo‘lgan zanjir firmalar, shuningdek, ilmiy-tadqiqot institutlari va universitetlarning filiallari) tashkil etish, eksportchilarga ko‘p mehnat talab qiladigan mahsulotlar bazasi bo‘lishiga va yashash joylariga yaqin makonlarda bandliklarini ta’minlashga, bu bilan Toshkent va xorijga istiqbolli ko‘chishning oldini olishga yordam berish va bu «parklar» mahalliy byudjetlarga daromad keltiradi. Yirik korxonalar o‘z mahsulotlarni kichik korxonalarga sotishi va ularni qiymat zanjirlariga kiritishi uchun kichik korxonalarga QQSni joriy etish.

2. Texnologiyalarni tarqatish va eksportni rag‘batlantirish uchun xususiy (yoki davlat-xususiy) kengashlar (markazlar) yaratish. Bunday kengashlar (markazlar) davlat tomonidan emas, xususiy firmalar yoki davlat-xususiy sektor hamkorligida tashkil qilinishi kerak. Ularning vazifasi, birinchi navbatda, dehqon xo‘jaliklariga meva-sabzavotchilik va chorvachilikda qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha minizavodlarni tanlash, lizingga olish, sotib olish va ularning uy xo‘jaliklari hovlilariga joylashtirish bo‘yicha yordam berish. Sanoat, xizmat ko‘rsatish va dehqon xo‘jaliklari bo‘yicha mikro va kichik korxonalarga mahsulotni eksportga chiqarishga yordam berish. Chunki ular mahsulotlarning kam miqdorda ishlab chiqarishdan aziyat chekishadi va ular uchun ichki va xorijiy bozor iste’molchilarining e’tibori jalb qilish qiyin. Mavjud kichik korxonalarda eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi juda kichik va bilim tomondan zaif bo‘lib, har bir tumanda bu kabi vazifalarning katta qismini yetarli darajada hal qila olmaydi.

3. KOICA namunasidagi xodimlarni o‘qitish uchun o‘quv markazlarini tarqatish va top-menejerlar uchun kurslar tashkil etish. Malakali menejerlar (bu past mehnat samaradorligi va ishlab chiqarish va sotishni samarasiz boshqarish bilan belgilanadi) va ishchilarning yetishmasligi sanoatning har bir sohasida ayniqsa ko‘p mehnat talab qiluvchi sohada kuzatiladi.

4. Infratuzilmaning tor o‘rinlarini bartaraf etish va logistikani yaxshilash. Barcha sanoat uzellari va erkin zonalarni elektr energiyasi, gaz, suv, aloqa yo‘llari, omborxonalar, multimodal yuklash va tushirish uzellari bilan uzluksiz ta’minlash (xom ashyolardan tayyor mahsulotlargacha yagona zanjirli klaster turiga ko‘ra yaratilgan bo‘lishi, hozirgi kundagiga o‘xshab ko‘pgina tasodifiy va bog‘liq bo‘lmagan firmalar yig‘indisi bo‘lmasligi kerak). Elektrning tez-tez uzilishi mashinalar, uskunalar, xom ashyo va materiallarni ishdan chiqaradi va mahsulotning yo‘qotilishiga olib keladi.

5. Xom ashyo va kredit olishni osonlashtirish. Bu ishlab chiqarishni kengaytirish va yangi texnologiyalarni xarid qilish uchun muhimdir. O‘zbekiston banklari pul mablag‘lari oqimini hamda qarzdor-kichik firmalarning ishlab chiqarish xarajatlarini tahlil qilish o‘rniga, firmalar mol-mulklarining garoviga kreditlarni berish bilan bog‘liq risklarni kamaytirishning «eng oson» usulini qo‘llamoqda. Banklar qiymati berilgan kredit miqdoridan ancha yuqori garovni saqlab qolish uchun kreditlar qaytarilmasligi va qarz oluvchilarning bankrotligidan manfaatdor bo‘lishi mumkin. Bu yerda texnologiyani tarqatish va eksportni rag‘batlantirish bo‘yicha kengashlar (markazlar) mikro va kichik firmalarga kredit olishda yordam berishi mumkin.

6. Tovar va xizmatlar bozorida raqobatni hosil qilish orqali past samaradorlikka ega korxona va sohalardan yuqori samaradorlilariga kadrlar va boshqa resurslarni qayta yo‘naltirish yo‘li bilan samaradorlikni oshirishga ko‘maklashish. Monopoliyaga barham berish va raqobatni kuchaytirish korxonalararo va sohalararo siljishga ta’sir ko‘rsatadi, mehnat samaradorligi va mahsulodorligining, oxir-oqibat mamlakat raqobatbardoshligining o‘sishiga olib keladi. Bunga qishloq xo‘jaligi, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarida eksport va import monopoliyasiga chek qo‘yilishi katta yordam beradi.