6−7 iyul kunlari O‘zbekiston Oliy sudi raisi o‘rinbosari X. Yodgorov va Oliy sud sudyalari, viloyat sudi raislari tomonidan Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumani va Termiz shahar xalq qabulxonalarida xalq bilan ochiq muloqot va sayyor qabullar o‘tkazildi, deya xabar qildi Oliy sud matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga. Sayyor qabulda 108 nafar fuqaroning murojaati tinglandi.

Shundan 23 nafar fuqaroning shikoyat arizasi nazorat tartibida o‘rganish, 7 nafar fuqaroning arizasi esa viloyat va tumanlararo sudlarida ko‘rib chiqish uchun qabul qilib olindi. 38 nafar fuqaroga murojaati yuzasidan qonuniy tushuntirish berildi. 40 nafar fuqaroning muammosi joyida hal qilindi: 6 nafar (1 ayol va 5 erkak) jazoni o‘tash muassasidan ozod qilinib, oilasiga qaytarildi. 34 nafar shaxs ahloq tuzatish ishi, ozodlikdan cheklash kabi jazoni o‘tashdan shartli ravishda ozod qilindi.

Bundan tashqari, sayyor qabullar jarayonida viloyat Xotin-qizlar qo‘mitasi, «Oila» markazi xodimlari bilan hamkorlikda notinch oilalar a’zolari ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi. Ochiq muloqotda oilaning muqaddasligi, farzand tarbiyasida tutgan o‘rni haqida batafsil tushuntirish berildi va «Farzand omonat» va «Ota» nomli videofilmlar namoyish etildi. Natijada 6 ta nizoli oila tiklandi. Shuningdek, murojaatchilarning aliment undirish, bolalar tarbiyasi va uy-joy bilan bog‘liq muammolari hal etildi.