Tahririyatdan: Ushbu xabarning dastlabki ko‘rinishida «Chinoz» so‘zi o‘rniga «Chilonzor» deb ko‘rsatilgan edi. Mazkur xato uchun o‘quvchilarimizdan uzr so‘raymiz. Xatoga yo‘l qo‘ygan xodimga nisbatan chora ko‘rildi.

Toshkent viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Chinoz tuman sudi raisi M. X. pora olishda ayblanib qo‘lga olindi, deya xabar qildi «Gazeta.uz"ning huquqni muhofaza qilish organlaridagi axborot manbasi.

Sudya 3000 dollar miqdorida pora olganlikdan ayblanmoqda. Unga nisbatan qamoqqa olish ko‘rinishidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi va O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

2018 yil dekabrida fuqaroviy ishlar bo‘yicha Urganch tumanlararo sudi sudyasi Z. I. 12 ming dollar miqdorida pora olishda ayblanib ushlangan edi. Ushbu mablag‘ evaziga u yashash joyi bo‘yicha mulkka egalik huquqini aniqlash yuzasidan ijobiy qaror chiqarishga va’da bergan.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining yaqinda e’lon qilingan hisobotida 2016 yilda O‘zbekistonda sudyalarga nisbatan 9 ta, 2017 yilda — 11 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani to‘g‘risida xabar berdi. 2018 yilning yanvar-sentyabr oylarida bu kabi holatlar qayd etilmagan.