Ilg‘or texnologiyalar markazi bazasida Gemotologiya va qon quyish ilmiy tadqiqot instituti ishtirokida o‘zak hujayralar bankini yaratish rejalashtirilmoqda, deya xabar qildi O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Bank reyestri mamlakatdagi profilli tibbiyot muassasalarining onkologik kasalliklar, gemopoez buzilishlari, nurlanish va boshqa jiddiy xastaliklardan aziyat chekayotgan bemorlarga ko‘chirib o‘tkazish (transplantatsiya) uchun o‘zak hujayralari namunalari mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlardan iborat bo‘ladi.

Xabarda qayd etilishicha, kelgusida ilmiy tibbiyotning onkologik, neyrodegenerativ, irsiy va yurak qon-tomir xastaliklarini davolashdagi yutuqlari o‘zak hujayralari bilan bog‘liq.

So‘nggi ikki yil ichida Gematologiya va qon quyish ilmiy tadqiqot instituti mutaxassislari limfoma va miyelomadan aziyat chekayotgan bemorlar periferik qonidan iligiga o‘z sog‘lom o‘zak hujayralarini tranplantatsiya qilish bo‘yicha jarrohlik amaliyotlarini muvaffaqiyatli o‘tkazib kelmoqda. Biroq o‘tkir leykoz kabi holatlarda bemorlarning o‘z o‘zak hujayralari shikastlangan bo‘ladi va donorlarga ehtiyoj vujudga keladi.