Italiyaning Neapol shahrida o‘tkazilayotgan yozgi Universiada o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasiga uchinchi medalni Diyora Keldiyorova taqdim etgan bo‘lsa, mutlaq vazn toifasida ishtirok etgan polvon Davlat Bobonov ham universiadaning bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Dastlabki bosqichlarda koreyalik Min Jong Kim va slovakiyalik Matey Xajasdan ustun kelgan Bobonov chorak finalda qozog‘istonlik Galimjan Krikbayga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Bronza medali uchun kechgan o‘tish bahslarida germaniyalik hamda polshalik polvonlardan ustun kelgan sportchi uchinchi o‘rin uchun ozarbayjonlik Rustam Kotsoyevga qarshi tatamiga chiqdi.

Hal qiluvchi bahsni ishonch bilan boshlagan Davlat mashhur dzyudochini dastlabki daqiqadayoq ippon, ya’ni sof g‘alaba hisobiga mag‘lub etib, delegatsiyamiz hisobiga to‘rtinchi medalni qo‘shib qo‘ydi.

Eslatib o‘tamiz, delegatsiyaning universiadadagi dastlabki ikki medalini ham dzyudo bo‘yicha murabbiy Abdukarim Tangriyev shogirdlari Muhammadkarim Xurramov (+90 kg) va Hikmatillo To‘rayev (-73 kg) qo‘lga kiritgan edi.