O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 iyul kuni davlat mustaqilligining 28 yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi, deya xabar qildi O‘zA.

Hujjat bilan davlat mustaqilligi bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha respublika komissiyasining tarkibi tasdiqlandi.

Komissiyaga bir haftalik muddatda «Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!» degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari dasturini ishlab chiqish topshirildi.

Ushbu dasturda 2017−2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, shuningdek, «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» davlat dasturi, «Obod qishloq», «Obod mahalla», «Har bir oila — tadbirkor», «Yoshlar — kelajagimiz», «Besh ijobiy tashabbus» kabi muhim dastur va rejalar doirasida olib borilayotgan tub islohotlarning ma’no-mazmuni va ruhi mujassam etilishiga alohida e’tibor qaratiladi.

Komissiyasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Mustaqillik bayramiga bag‘ishlab aholining keng qatlamlari o‘rtasida ma’rifiy uchrashuvlar, ochiq muloqot va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar, dolzarb mavzular bo‘yicha fikr almashuvlar, madaniy tadbirlarni samarali o‘tkazish maqsadida taniqli olimlar, ijodkor ziyolilar va san’atkorlardan iborat targ‘ibot guruhlari tashkil etiladi.

Bayram arafasida istiqlolni tarannum etadigan eng yaxshi qo‘shiq va musiqa asarlari uchun «Yagonasan, muqaddas Vatan!» respublika tanlovining yakuniy bosqichi hamda «Eng ulug‘, eng aziz», «Ranglar jilosida — ona diyor», «Vatan uchun yashaylik!» kabi an’anaviy ko‘rik-tanlovlar o‘tkaziladi.