2 iyul kuni soat 15:00 larda fuqaro F.T. (1999 y.t.) Denov tumani Lolazor mahallasidagi «Xabibobod» bozori hududida joylashgan ayollar hojatxonasida qiz bola chaqaloqni tug‘ib, hojatxona ichiga tashlab ketgan, deya xabar qildi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati.

Xabarda qayd etilishicha, undan keyin hojatxonaga kirgan ayol chaqaloq yig‘isini eshitib, odamlarni yordamga chaqirgan. Natijada chaqaloq qutqarib qolinib, kasalxonaga joylashtirilgan.

7 iyul kuni ushbu holat tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilindi. Unda militsiya xodimlarining chaqaloqni jonlantirishga harakat qilayotgani aks etgan edi.

Mazkur holat yuzasidan Denov tuman prokuraturasi tomonidan fuqaro F.T.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 25 (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish, 99-moddasi (Onaning o‘z chaqalog‘ini qasddan o‘ldirishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.