2022 yilda mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor aholini umummilliy ro‘yxatga olishni o‘tkazish rejalashtirilyapti. Prezidentning fevraldagi farmoniga muvofiq, tegishli idoralar xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda ro‘yxatga olishni o‘tkazishga tayyorgarlik ishlarini olib bormoqda. 1 iyulga qadar jarayondan ko‘zlangan maqsadlar, uning tartibi, muddatlari, metodologiyasi, moliyalashtirilishi, shuningdek, boshqa tashkiliy-amaliy choralarni nazarda tutuvchi “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ishlab chiqilishi kerak edi.

Ro‘yxatga olish konsepsiyasi to‘g‘risidagi Prezident farmonida qayd etilganidek, aholining muhofazaga muhtoj qatlamlari, xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslar haqidagi haqqoniy statistik axborot samarali ijtimoiy siyosatni amalga oshirish uchun muhim poydevor hisoblanadi va ijtimoiy muhofaza sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borishga asos bo‘lib xizmat qiladi.

Bizda tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari (TMEK)ning nogironlik bo‘yicha pensiya va ijtimoiy nafaqa oluvchi sifatida ro‘yxatga olinganlar soniga doir ma’muriy ma’lumotlari hozirga qadar nogironlik haqidagi asosiy axborot manbasi bo‘lib xizmat qilmoqda. Nogironlikni baholashga bunday yondashuv hisobga olishning ariza berishga asoslanganligi, byurokratiya va tizimdagi korrupsiya ehtimoli, nafaqa olishga faqat “munosib” nomzodlar tanlab olinishi, nogironlikning medikalizatsiyasi va muallif tomonidan avval batafsil ko‘rib chiqilgan boshqa omillar sabab xato bo‘lishi mumkin.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar soni aslida qancha?

BMTning Osiyo va Tinch okeani mintaqasi uchun Iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESKATO)ning 2015 yilgi hisobotida O‘zbekiston aholisining atigi 1,3 foizini nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkil etishi qayd etib o‘tilgan va bu sobiq Sovet Ittifoqi mamlakatlari orasidagi eng past ko‘rsatkich sifatida ko‘rsatilgandi. ESKATO hisobotidagi ma’lumot manbasi sifatida O‘zbekiston Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi (hozirgi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi)ning Aholini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha choralar tahlili va monitoringi bo‘limi ko‘rsatilgan.


Manba: Nogironlikning qisqacha tahlili (2015): Osiyo-Tinch okeani mintaqasi nogironlari bandligi istiqbolining ijobiylashuvi.

Qozog‘iston bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, aholisi ikki barobar kam bo‘lgani holda nogironligi bo‘lgan shaxslar soni 674,2 ming kishini tashkil etadi, bizda esa rasman 650,3 ming kishi nogironligi bor kishi sifatida ro‘yxatga olingan. So‘nggi besh yilda Qozog‘istonda nogironligi bo‘lgan shaxslar soni 7,5 foizga ko‘paygan, bizda esa, agar rasmiy statistikaga ishonadigan bo‘lsak, ularning soni asta-sekin kamaymoqda.

O‘zbekiston nogironlari uyushmasi raisi Oybek Isoqov ushbu statistik nonormallik yuzasidan fikr bildirarkan, shunday xulosa qiladi:

“Ikkisidan biri: yo bizda nogironlikni o‘z vaqtida aniqlab, Qozog‘istondagidan ko‘ra samaraliroq profilaktika va yuqoriroq darajada tibbiy reabilitatsiya choralari ko‘rilmoqda, yoki bizda nogironligi bo‘lgan shaxslar orasida o‘lim darajasi juda yuqori. Biroq bizda tibbiyot yaxshiroq ekani va hammani birma-bir davolab, „sog‘lom“ qilib qo‘yish mumkinligiga ishonish — juda qiyin”.

Xalqaro tashkilotlar, ayniqsa BMT tuzilmalari nogironlikning 10 foizdan kam tarqalganiga doir ma’lumotlarga shubha bilan qaraydi, chunki Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Nogironlik bo‘yicha butunjahon hisoboti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo aholisining 15 foizga yaqini biror bir ko‘rinishdagi nogironlikdan aziyat chekadi. U holda nima uchun ijtimoiy muhofaza va nogironlikni hisobga olish tizimi u yoki bu darajada o‘xshash mamlakatlarning nogironlik darajasidagi raqamlari o‘rtasidagi farq bu qadar katta?

HHKga qarshi TMEK

Avval ta’kidlanganidek, organizm funksiyalarining eng jiddiy cheklovlaridan aziyat chekayotgan bolalar va kattalar to‘g‘risidagi asosiy statistik ma’lumotlar insonning nogironligini rasman tan olish maqsadida muntazam tekshiruvlarni amalga oshiruvchi TMEK tomonidan taqdim etiladi.

TMEK tibbiy-ijtimoiy ekspertiza jarayonida sog‘liq va ishchanlik qobiliyatini yo‘qotganlikni aniqlash maqsadida asosiy e’tiborni insonning butun organizmini ko‘rikdan o‘tkazishga qaratadi. Natijada nogironlik guruhi belgilangani haqida xulosa hamda ehtimoliy mehnat faoliyati turlari va mehnat sharoiti, tashqi parvarish ehtiyojlari, tegishli ko‘rinishda davolanish va ijtimoiy himoya bo‘yicha tavsiyalar beriladi.

Nogironlikni ro‘yxatga olishning amaldagi tizimi nogironlikning faqat tibbiy jihatlarini inobatga oladi va uni jismoniy, aqliy, ruhiy yoki sensor buzilishlar oqibatida yuzaga kelgan hayot yoki mehnat faoliyati cheklashlariga tenglashtiradi. Biroq faqat tibbiy nuqtai nazar bilan e’tiborni birgina inson organizmiga qaratish bilan biz nogironlikning inson harakatiga ta’sir ko‘rsatadigan ijtimoiy jihatlarini unutib qo‘yyapmiz.

Xorijda ko‘pdan beri nogironlikni kengroq — biopsixoijtimoiy tushunish amaliyoti qo‘llab kelinmoqda, u Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan 2001 yilda ishlab chiqilgan Harakat, hayot faoliyati va salomatlik cheklovlarining xalqaro klassifikatsiyasi (XHK) asosan belgilanadi. XHK nogironlikni shunday belgilaydi:

“Barcha buzilishlar, faollik cheklovlari va ishtirok imkoniyati cheklovlariga taalluqli umumiy atama. U individ (salomatligi o‘zgargan) va ushbu individ konteksti omillari (atrof-muhit omillari va shaxsiy omillar) o‘rtasidagi munosabatlarning salbiy jihatlarini ko‘rsatadi”.


Manba: XHK, Jeneva, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, 2001 yil.

XHKda uchta daraja bor: organizm — inson — jamiyat. Ya’ni, nogironlik shu darajalarning birida yoki bir nechtasida yuzaga kelishi mumkin. Masalan, Toshkent barcha toifadagi nogironligi bor insonlar uchun lozim va maqbul sharoitlarni hisobga olgan holda loyihalashtirilganida edi, bu odamlar “nogiron” bo‘lmas hamda shahar bo‘ylab mustaqil ravishda harakatlana olgan va ijtimoiy hayotda ishtirok etgan bo‘lardi. Shunday qilib, XHK bo‘yicha:

“Nogironlik endi individning atributi emas, aksariyati ijtimoiy muhit ta’sirida shakllanadigan sharoitlarning kompleks birikmasidir”.

Shunga qaramay, nogironlikni ro‘yxatga olish bo‘yicha bizning tizimimiz faqat birinchi darajaga — organizmning yaqqol funksiyalari va tuzilmalariga e’tibor qaratadi, TMEKdagilarning fikricha, aynan shu jihatlar faollik va ishtirok chekloviga sabab bo‘ladi. Ayni vaqtda insonning hayot faoliyatini cheklashga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan kontekstual va shaxsiy omillar hisobga olinmaydi.

Boz ustiga, yaqinda Oliy Majlis deputatlari qayd etib o‘tganidek, ortiqcha boshog‘riqlarining ko‘pligi, ko‘plab hujjatlar zarurligi, tibbiyot muassasalarida o‘rinlarning yetishmasligi, shuningdek, nogironlikni rasmiylashtirish uchun moddiy imkoniyatning yo‘qligi bois ko‘plab shaxslar nogironlik guruhisiz qolib ketmoqda. Nogironlik guruhini rasmiylashtirmagan shaxslar esa statistikaga kiritilmaydi va ularga ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatishi kerak bo‘lgan muassasalar e’tiboridan chetda qoladi.

Nogironlikni tibbiy anglashdan biopsixoijtimoiy anglashga o‘tish nogironlikni belgilash va uni hisoblash metodologiyasini, shuningdek, nogironlikni hisobga olish jarayonini ham sezilarli o‘zgartiradi. Bu esa nogironligi bo‘lgan bolalar va kattalarga nisbatan ijtimoiy siyosatni butunlay isloh qilishga, e’tiborni faqat tibbiy reabilitatsiya va organizmning yo‘qotilgan funksiyalarini qayta tiklashga emas, balki inklyuziya tomon burilib, universal dizaynni hisobga olib maqbul sharoitlar yaratishga turtki bo‘ladi.

Ro‘yxatga olish bizga nima berishi mumkin?

Aholini ro‘yxatga olish asosida olingan axborot XHKning nogironlik to‘g‘risidagi nisbatan kengroq tushunchasiga asoslanishi kerak. XHKning uchta asosiy jihati — organizm tuzilishi va funksiyalari, faollik va ishtirokka e’tiborni qaratish maqsadga muvofiq bo‘lur edi. XHKning qolgan tarkibiy qismlari uy xo‘jaliklarini keyingi tadqiq etishlarda — aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlari bo‘lajak tadqiqotlar uchun yaxshi boshlang‘ich baza vazifasini bajarishi mumkin bo‘lganidan so‘ng kiritilishi mumkin.

BMTning “Aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish bo‘yicha tamoyil va tavsiyalar” nashrida qayd etilishicha, nogironlik masalalari bo‘yicha maxsus tanlab olingan o‘rganishlar o‘tkazilmagan mamlakatlarda aholini ro‘yxatga olish nogironlikning tarqalgan darajasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning asosiy manbasi bo‘lishi mumkin. Ro‘yxatga olish ma’lumotlari nogironlikning eng jiddiy ko‘rinishlari bo‘yicha nogironlik nafaqasini olayotganlar haqidagi TMEK ma’lumotlarini to‘ldirishi mumkin.

BMTning nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyasiga ko‘ra, nogironlik statistikasi ma’muriy ma’ulmotlar, umumiy (ro‘yxatga olish) va tanlab olinadigan o‘rganishlarga asoslanishi kerak.

Masalan, Buyuk Britaniyada ma’muriy ma’lumotlar to‘planadi, e’lon qilinadi, biroq nogironlikning tarqalganlik darajasini baholashda kamdan-kam foydalaniladi. Nogironlik ko‘rsatkichlarini hisoblash uchun inglizlar aholini ro‘yxatga olishga funksional maqomga doir maxsus savollarni kiritadi. Bundan tashqari, ular Family Resources Survey va Life Opportunities Survey kabi maxsus tanlab o‘tkaziladigan so‘rovlarni muntazam tashkil etadi.

Yaqin vaqtgacha mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan aholini maxsus tanlab o‘rganishlar o‘tkazilmagan. Istisno tariqasida 2018 yil may-iyun oylarida Jahon banki va YUNISEF ko‘magida o‘tkazilgan va 4000 uy xo‘jaligini qamrab olgan “O‘zbekiston fuqarolarini tinglab” milliy o‘rganishini ko‘rsatish mumkin. Ushbu o‘rganishga BMTning nogironlik statistikasi masalalari bo‘yicha Vashington guruhi tomonidan ishlab chiqilgan nogironlik bo‘yicha qisqa savollar to‘plami ham kiritilgan edi.

Vashington guruhining to‘plami odamlarning kundalik hayotdagi turmush tarzi darajasini baholash uchun oltita standart va oddiy savollarni o‘z ichiga oladi:

  1. Inson ko‘zoynak taqsa ham ko‘rishda qiyinchilikka duch keladimi?
  2. Inson eshitish apparatidan foydalansa ham, eshitishda qiyinchilikka duch keladimi?
  3. Inson yurish yoki ko‘tarilishda biror bir qiyinchilikka duch keladimi?
  4. Inson eslab qolish yoki diqqatni jamlash borasida qiyinchilikka duch keladimi?
  5. Inson cho‘milish yoki kiyinish kabi o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatishda qiyinchilikka duch keladimi?
  6. Inson muloqotda, masalan, boshqani anglash yoki uni anglashlarida qiyinchilikka duch keladimi?

Ushbu savollarning har biriga javob berish uchun to‘rtta standart javob variantlari taklif qilinadi:

  1. Yo‘q, hech qanday qiyinchilikka duch kelmayman
  2. Ha, ayrim qiyinchiliklar bor
  3. Ha, ko‘plab qiyinchiliklar bor
  4. Umuman qila olmayman

“O‘zbekiston fuqarolarini tinglab” tadqiqotining natijalari so‘rovnomada qatnashgan 3 yosh va undan katta aholining 13,5 foizi olti funksional xususiyatlarning hech yo‘g‘i bittasida “ayrim qiyinchiliklar"ga duch kelishini ko‘rsatgan. Respondentlarning 3,5 foizi olti savolning hech bo‘lmasa bittasida “ko‘plab qiyinchiliklar"ga duch kel kelishini bildirgan. Agar nogironlik bo‘yicha ijtimoiy nafaqa oladigan fuqarolar soni haqidagi ma’muriy ma’lumotlar bilan taqqoslasak, unda rasman aholining 2 foizdan kamrog‘i nogironlik maqomiga ega ekani ko‘rinadi.

Agar 2022 yilgi aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga nogironlik bo‘yicha pensiya olish-olmaslik haqidagi bitta savol kiritilsa, olingan ma’lumotlar haqiqiy ahvolni ko‘rsatib bera olmaydi. Ro‘yxatga olishga Vashington guruhining HHKning konsepsiyasiga muvofiq keladigan va aholining nogironlik darajasini haqqoniy baholashga yordam beradigan tavsiya etilayotgan savollar ro‘yxatini kiritish zarur. Ushbu savollar to‘plamining ro‘yxatga olishni o‘tkazishga kiritilishi nogironligi bo‘lgan shaxslarning turli sohalar — ta’lim, bandlik, sog‘liqni saqlash va hokazolar bo‘yicha ijtimoiy-iqtisodiy holatini tahlil qilish imkonini ham taqdim etadi.

Biz haqimizdagi ro‘yxatga olish bizning ishtirokimizsiz o‘tadimi?

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 1 avgustdagi farmoyishida respublikada nogironlarni hisobga olishning kompleks tizimi yo‘qligi nogironlarning ijtimoiy ahvolini monitoring qilishga xalal berayotgani qayd etib o‘tilgan edi. Bu Prezidentning 2017 yil 1 dekabrdagi farmonida o‘z aksini topdi — unda Davlat statistika qo‘mitasi va manfaatdor vazirliklar, idoralar, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatlariga BMTTD, YUNISEF, YUNFPA bilan hamkorlikda nogironligi bo‘lgan shaxslar hayot faoliyatining barcha sohalarini statistik hisobga olishning to‘laqonli tizimini tashkil etish mas’uliyati yuklatildi.

Aynan aholini ro‘yxatga olish formati turli ko‘rinishda nogironligi bor fuqarolarning demografik va ijtimoiy xususiyatlarini to‘laqonli hisobga oladigan mana shunday tizimini yaratish uchun yaxshi imkoniyat hisoblanadi. Ma’muriy ma’lumotlar nafaqa oluvchilar, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari o‘quvchilari yoki bolalar uylari tarbiyalanuvchilari soni haqida quruq axborot beradi va ularni ijtimoiy himoya qilish sohasidagi samarali siyosatning zarur yo‘nalishlarini belgilashga xalal beradi.

Birgina: “Nogironligi bor qancha odam ro‘yxatga olingan?”, degan savolga javob olishning o‘zi yetarli emas. “Kim, qanday qilib va kundalik hayotda qanday to‘siqlarga duch kelmoqda?”, degan savollarga ham javob olish muhim. Shunday ma’lumotlarni qo‘lga kiritib va tahlil qilish orqali biz nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatimizga qo‘shilishi (inklyuziyasi) jarayoni qaysi bosqichda ekanini aniqlashimiz mumkin.

Biroq nogironligi bo‘lgan odamlarning jamoat tashkilotlari 2022 yilgi aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishning hatto tayyorgarlik bosqichida ham qarorlarni muhokama qilish va qabul qilish jarayoniga jalb etilmayapti. Xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda Davlat statistika qo‘mitasi, BMTning Aholishunoslik fondi (YUNFPA) bilan hamkorlikda 31 may kuni tashkil etilgan davra suhbatiga nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat tashkilotlari vakillari taklif etilmadi.

Nogironlik haqidagi savollarni ro‘yxatga olishni o‘tkazishga kiritish nima uchun muhim ahamiyatga ega?

Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga nogironlik bo‘yicha savollar blokini kiritish va buning natijasida olingan ma’lumotlar ijtimoiy dasturlar va mamlakatdagi nogironlikning reabilitatsiyasi, uning turli jihatlarini monitoring qilish sohalaridagi xizmatlarni rejalashtirish, shuningdek, arzon uy-joy, munosib ish o‘rinlari, transport, maqbul sharoitlar, atrof-muhit va hokazolar bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan davlat dasturlarining samaradorligini baholash uchun ham zarur.

Masalan, bunday ma’lumotlar, jumladan, ijtimoiy xizmatlarga muhtoj shaxslarni muntazam aniqlash va ularning hisobini yuritish majburiyatini yuklaydigan “Keksalar, nogironlar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ijtimoiy xizmatlar to‘g‘risida"gi qonunni implementatsiya qilishga yordam bergan bo‘lardi. Shuningdek, bunday ma’lumotlardan nogironlikning tarqalganlik darajasiga doir xalqaro taqqoslash maqsadlarida ham foydalanish mumkin bo‘lardi.

Nogironlikka doir xalqaro qiyosiy ma’lumotlar BMTning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish sohasidagi kun tartibiga erishish yo‘lidagi o‘sishni hisoblab borish va monitoringini yuritish uchun zarur. Nogironlik Barqaror rivojlanishning beshta — sifatli ta’lim, munosib ish va iqtisodiy o‘sish, tengsizlikni qisqartirish, barqaror shaharlar va aholi yashash joylarini tashkil etish, shuningdek, barqaror rivojlanish yo‘lida sheriklik maqsadlariga kiritilgan. So‘nggi, 17-maqsad ishtirokchi-mamlakatlarga shunday majburiyat yuklaydi:

“2020 yilgacha rivojlanayotgan mamlakatlar salohiyatini oshirish maqsadida… daromadlar darajasi, jinsi, yoshi, irqi, millati, fuqaroligi, migratsion maqomi, nogironligi, geografik joylashuvi va milliy sharoitlarni hisobga olgan holda ahamiyatli bo‘lgan boshqa xarakteristikalari bo‘yicha taqsimlangan yuqori sifatli, dolzarb va ishonchli ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatini jiddiy ravishda ko‘paytirish”.

Shunisi ahamiyatliki, nogironlik haqidagi taqsimlangan statistik va tadqiqot ma’lumotlarini lozim darajada to‘plash BMTning nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyasi tamoyillarini nazorat qilish va amalga oshirishning asosi hisoblanadi.

O‘zbekiston yaqin kelajakda Konvensiyani ratifikatsiya qiladi va shu bois biz hozirdanoq nogironligi bor odamlar haqidagi to‘laqonli va yangilanib turiladigan ma’lumotlar omborini tashkil etish, uning faoliyat ko‘rsatish darajasi hamda turli demografik va ijtimoiy-iqtisodiy xarakteristikalari haqida bosh qotirishimiz kerak.

Va nihoyat, bunday ma’lumotlar tadqiqotchilarga nogironligi bor bolalar va kattalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash sohasida yig‘ilib qolgan muammolarni akademik tahlil qilish, shuningek, ularning jamiyat hayotida to‘laqonli ishtirokiga xalal berayotgan imkoniyatlar tengsizligiga baho berish imkoniyatini taqdim etgan bo‘lur edi. Rejalashtirilayotgan aholini ro‘yxatga olish, shuningdek, maxsus tanlab o‘tkaziladigan o‘rganishlar ma’lumotlarni kompleks hisobga olish va to‘plash bo‘yicha qo‘yilgan barcha maqsadlarga erishishning eng maqbul yo‘li sifatida ko‘rilmoqda.

BMTning “Hech kimni bort ortida qoldirmaslik” tamoyiliga amal qilgan holda, biz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayonida nogironligi bo‘lgan odamlarni aholini ro‘yxatga olish “bortidan tashqari"da qoldirmasligimiz va ularni lozim darajada hisobga olishimiz kerak.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazariga mos kelmasligi mumkin.