10 iyuldan Toshkentdagi bir necha bozorlar yaqinida to‘xtash va to‘xtab turish qoidalari buzilishini qayd etuvchi avtomatlashtirilgan foto- va videokameralar ish boshlaydi, deya xabar qildi Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati.

Hozirda «Abu-Saxiy», «Bek Topi», «Ippodrom» va «O‘rikzor» bozorlari yo‘llarida avtomatlashtirilgan tizim o‘rnatilgan. Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarining buzilishi nuqtai nazaridan poytaxt bozorlari eng muammoli joylar hisoblanadi.

Faqatgina Chilonzor tumanida Toshkent xalqa avtomobil yo‘lining o‘zidayoq 3.27 belgisini (to‘xtash taqiqlanadi) mensimaganlarni qayd etishga mo‘ljallangan 4 ta statsionar avtomatlashtirilgan kamera o‘rnatilgan. Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan bu yo‘nalishdagi ishlar davom ettiriladi, deya qayd etdi matbuot xizmati.

O‘rnatilgan kameralar 360 darajaga o‘girila oladi. Avtomobil mumkin bo‘lmagan joyda to‘xtagach, videokamera avtomat tarzda (inson aralashuvisiz) vaqtni va «qoidabuzar» avtomobilning davlat raqamini qayd etadi. Ma’lumotlar onlayn-tarzda bazaga yo‘naltiriladi, u yerda esa AutoCon-SC/M dasturiy ta’minot jarima solish bo‘yicha qarorni shakllantirib, uni «O‘zbekiston pochtasi"ga qoidabuzarga jo‘natish uchun yo‘llaydi.

Xatda jarimani 60 kunlik muddat ichida to‘lash zarurligi, ushbu muddat tugagach, tizim xatga biriktirilgan kvitansiyani avtomat tarzda to‘sib qo‘yib, jarima to‘lanmaganligi to‘g‘risidagi ma’lumotni Bosh prokuratura qoshidagi Majburiy ijro byurosiga (MIB) jo‘natadi. MIB, o‘z navbatida, transport vositasi egasining nomiga rasmiylashtirilgan mulkka taqiq qo‘yadi. Ushbu sanksiyalar qoidabuzar-avtomobil egasiga oldi-sotdi kelishuvlarini olib borishga yo‘l qo‘ymaydi. YHQni buzganlik uchun jarimani o‘z vaqtida to‘lamaslik ham qo‘shimcha moddiy harajatlarga olib keladi.

IIBB matbuot xizmati 3.27 belgisi ostida avtomobilni to‘xtatish Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128−6-moddasiga muvofiq EKIHning 3 baravarigacha (608 190 so‘m) jarima solinishiga sabab bo‘lishi mumkinligini eslatib o‘tdi.